Sud amaliyotida “ishlarni taftish tartibida ko‘rib chiqish” amaliyoti joriy qilinadi
Joriy yil 20-iyun kuni Oliy majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolik protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi hujjatni muhokama qildilar.
Unga ko‘ra, sudning qarori, ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda. Ya’ni, qonun loyihalari bilan tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda appellyasiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilyapti.
Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining sudma-sud ovora bo‘lib yurishiga barham beriladi. Bunda birinchi instansiya sudining qaror yoki ajrimidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyasiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqiladi.
Sud qaroridan yana norozi bo‘lingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hay’atlarida qayta ko‘rib chiqiladi.
Majlisda qonun loyihalari deputatlar tomonidan qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 1-yanvardan kuchga kirgan tartib bilan sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti tugatilgan edi. O‘z vaqtida bu qaror ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan va adolatli sud tizimini qurishda qo‘l kelmasligi aytilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter