Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oxirgi umid suddan edi...

Oxirgi umid suddan edi...

foto: internet, ochiq manba

Jizzax viloyat «Qalb nuri» ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markaziga yordam so‘rab tez-tez murojaatlar kelib tushadi. Imkoniyat va vakolat doirasida har bir murojaatchining muammosini xolis o‘rganishga, yo‘l-yo‘riq va zarur maslahat  berishga, mas’ul idoralarni xabardor etishga harakat qilinadi. Axir qiyin vaziyatga tushgan bir inson qaysidir eshikni taqillatar ekan, ko‘mak, najot istaydi. Murojaat ortida esa ba’zida bir emas, bir necha inson  taqdiri turadi. Ayniqsa murojaat yosh bolali, ishlashga imkoniyati yo‘q, boquvchisiz  ayol taqdiri bilan bog‘liq bo‘lsa, bizni yanada sergaklantiradi, masalaga imkon qadar adolatli yechim topib berishga undaydi. Mana shunday chigal, ayni paytda sud orqali yechimini ancha paytdan beri kutayotgan murojaat Jizzax shahrida mahallaridan birida istiqomat qiluvchi N.O‘.dan kelib tushgan.

Taqdir ekan, uning ota-onasi bu dunyoni erta tark etdi. Boz ustiga qirq yoshdan oshib, turmush qurishi ham tengdoshlariga nisbatan ancha kechikdi ؘ– oxiri Sh. Rashidov tumanida yashovchi O‘.O‘. ga turmushga chiqishga rozilik berdi. Quda tomonning bir hafta ichida to‘ysiz kelinni olib ketishga intilishi biroz hadik uyg‘otsada, kuyovning shirin va’dalaridan ko‘ngli taskin topardi. U qishning ayni qirchillama pallasi, yangi yil arafasida kelin bo‘lib uzatildi. Ammo «to‘y» o‘tgach barchasi oydinlashdi qo‘ydi: kuyov avval ikki marta uylangan, ammo nikohi bir oygayam cho‘zilmagan, hech qayerda ishlamay, qari onasining pensiyasiga ko‘z tikib o‘tiradigan, buning ustiga so‘kong‘ich, rashkchi, qo‘li ham yugurik edi. To‘yning ertasi kuni yangi kelinchak xona havosini almashtirish uchun derazalarni ochganida «Qaysi o‘ynashingga o‘zingni ko‘rsatmoqchisan?» degan tahdidli savol va shapaloq bilan «mukofotlandi». Bunday nohaq va tuturiqsiz ayblovlar kuyov tomonidan kelinchakning har bir hatti harakatidan topilardi.

Xonadon gazdan bo‘lgan qarzdorligi sababli tarmoqdan qachonlardir uzib qo‘yilgan edi. Kunning sovuqligidan zax bosgan xonalar, hatto hammomning yo‘qligi kuyovto‘rani hecham tashvishga qo‘ymas, ammo yangi kelindan «xotinlik burchi»ni talab etardi. Boz ustiga qaynonaning «bitta nonxo‘r ikkita bo‘ldi» deya qarg‘ashlari yangi kelinning ko‘ngilini xira qilardi. N.ning aytishicha, bu uyda yashash azob, qo‘l telefoni turmush o‘rtog‘i tomonidan olib qo‘yilgani bois uyidagi yaqinlari bilan gaplashishning ham iloji yo‘q edi. Shunday kunlarning birida uning sog‘lig‘i yomonlashgan, biroq turmush o‘rtog‘i davolanishga ruxsat bermagan. Oradan ikki oy o‘tib, ahvoli og‘irlashgach, eri uxlab yotganidan foydalanib, qo‘shnisinikiga chiqqan va akasiga qo‘ng‘iroq qilib berishlarini iltimos qilgan.

Akasi kelib isitma olovida yonib yotgan singlisini to‘g‘ri shifoxonaga  olib borib yotqizgan. Shifokorlar uning bir emas, birato‘la egizaklarga homilador ekanligini ma’lum qilishgan. Bu voqeadan so‘ng esa turmush o‘rtog‘i uning homilasini tan olmasdan, biror marta xabar olmagan. Hatto egizak farzandli bo‘lgani haqidagi xabar ham erkakni xursand etmagan.

Shifoxonadan chiqqan N. akasi yashab turgan ota uyining ikki xonasiga joylashdi. Xavfli yoshdagi homiladorlik, ishsizlik, betoblik N.ni juda holsizlartirib qo‘ydi.

– Markazimizga kelganida ahvoli juda og‘ir edi. – deydi «Qalb nuri» markazining xodimi Ra’no Yunusova. – Unga homiylarni jalb qilgan holda imkon qadar yordam berdik, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasini ogohlantirgan holda, farzandlarini tug‘ilishini nazoratga oldik. Egizaklarning biri onasining homiladorlik payti tinch o‘tmagani bois miya, asab tizimi bilan bog‘liq turli asoratlar bilan tug‘ilgan. Tez-tez davolatish talab etiladi.

– O‘tgan davr mobaynida bir necha bor bolalarning otasidan aliment undirish bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qildim, – deydi N. – To‘g‘ri, aliment belgilandi, ammo bu ma’lum muddatgina to‘landi. Hatto 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi ham bolalarim otasining vijdonini uyg‘otmadi. Mana yana qariyb bir yilga yaqin vaqtdan beri yana aliment to‘lamasdan qochib yuribdi. Qayerga murojaat qilsam qonuniy turmush o‘rtog‘im borligi aytilib, rad javobi berilyapti. Faqatgina hujjatda bor odam  menga qarshi eng katta dalil bo‘lib turibdi. Bolalarim endigina ikki yoshdan oshdi. Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasiga murojaat qilganimda bolalarimga 475 ming so‘m nafaqa chiqarib berishdi. Ammo 2025 yildan boshlab bu to‘lov ham to‘xtatildi. Bugungi kunda bolalarim uchun bir marta shahar hokimi yordami bilan moddiy yordam oldim. Ishga chiqib, ishlash uchun esa qarovchim yo‘q, davlat bog‘chalari bolalarim uch yoshgato‘lmagani bois ularni qabul qilmaydi. Xususiy bog‘chaga berishga imkoniyatim yo‘q.

O‘tgan davr mobaynida «Qalb nuri» markazi tomonidan N.O‘ga huquqiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, homiylar, saxovatpesha yurtdoshlarga murojaat orqali bir necha marta moddiy ko‘mak berildi. Akasining uyidan ajratib berilgan xona Jizzax shahar hokimligi tomonidan ta’mirlanib, yashash uchun qulay holatga keltirildi. Ammo bu bilan ayolning muammolari yechim topgani yo‘q.  Yashab turgan uyining elektr va gazdan qarzdorligi tufayli  bir necha marta uzib qo‘yilgani, sovuq kunlardagi ochlik, hatto oddiy kundalik kiyim- kechakning yetishmovchiligi. Bir ojiza  ayol boshida shuncha tashvish, shuncha muammo...

N.O‘. sudga nikohni bekor qilish to‘g‘risida murojaat qilganda undan davlat boji talab qilindi. Qonunchiligimizda oilaviy zo‘ravonlikka uchraganlarni himoya qilish bo‘yicha yaratilgan huquqiy asoslarga ko‘ra Oila va xotin-qizlar  boshqarmasining tavsiyasi bilan nikohni bekor qilish uchun davlat boji talab etilmasligi belgilangan. Markaz tomonidan ushbu masalaga yechim topish maqsadida Jizzax viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga murojaat qilinib, boshqarma tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga boj to‘lovidan ozod qilish bo‘yicha da’vo arizasi kiritilishiga erishilgan. Mazkur hujjatda er-xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga imkoniyat yo‘q deb topilib, ishni ko‘rishni keyinga qoldirmasdan hamda yarashish uchun muddat tayinlamasdan nikohdan ajratish to‘g‘risida qaror chiqarish so‘ralgan. Ammo sud majlisi er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘rish uchun muhlat berish to‘g‘risida qaror chiqargan va bunga to‘rt oy muhlat belgilangan. 

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: qonun zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni muddat bermasdan ajrimga  ruxsat bersa, sud tomonidan masalani ortga surishdan, bir jabrdiyda ayolning muammolarini yanada ko‘paytirishdan ne naf? Yoki bu sudning nodavlat notijorat tashkilotiga, oila va xotin-qizlar boshqarmasiga ishonchsizligimi? Sizningcha, ushbu tashkilotlar biror muammoni, uning sabablarini o‘rganmay, ko‘r-ko‘rona harakat qiladimi? Eng qizig‘i, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra sud tomonidan yarashish uchun muddat tayinlanmaslik masalasi Oliy Majlis Senatida ko‘rib chiqilib, ushbu masala mamlakatimizdagi barcha yetakchi ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik xabardor etildi. Yoki sud qonunchilikka joriy etilayotgan shunday muhim o‘zgarishdan bexabarmi? Ayolni qiynayotgan muammolarga adolat va qonunchilik nuqtai nazaridan yechim topib berishi kerak bo‘lgan davlat idoralaridagi ayrim mulozimlardan eshitayotgan e’tirozlariyu minnatlari yana bir alohida mavzu.

N.O‘. imkon qadar tezroq rasman ajrashish, bolalariga aliment olishni istaydi. Ammo uning istagi tez va adolatli hal bo‘lish o‘rniga yanada uzoqroqqa cho‘zilyapti. Bu degani bir imkonsiz ayolning oddiy kundalik ta’minotlarga ehtiyoji tobora ortib boryapti.

– Yaqinda yana sudga bordim, menga turmush o‘rtog‘im va o‘zim yashab turgan MFY dan oilani tiklab bo‘lmasligi to‘g‘risida rasmiy xat olib kelishimni talab qilishdi. Men o‘zi uydan ikki bolam bilan zo‘rg‘a chiqib, pulsizlikdan ba’zan arava sudragan holda piyoda borsam idoralarga, qanday xat olib kelaolaman, shunday rasmiyatchiliklarni davlat tashkilotlari o‘zlari vakolati doirasida bajarsa bo‘lmaydimi? – deydi N. «Ishonch telefoni»ga murojaat qilib. – Mahallagayam bordim, Jizzax shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limiga ham uchrashdim ammo, turmush o‘rtog‘ingiz yashamayman, deb yozib bersin, keyin biz yozib beramiz, deyishdi. Axir bolalarimning otasi o‘zi aliment to‘lamay qochib yurgan bo‘lsa, men yozma xat olish uchun uni qayerdan topaman? Yana qancha vaqt ishsiz, pulsiz, ta’minotsiz, idorama-idora sarson-sargardon bo‘lib yuraman?

Savollar esa dolzarbligicha qolaveradi: Qachon zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga o‘z vaqtida, sifatli yordam ko‘rsatiladi? Bunday hollarda farzandlar aziyat chekmasligi uchun nega mas’ul tashkilotlar sa’y-harakat qilmaydi?

Savollar ko‘p, javobi esa...

Dilnoza Hayitova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring