Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokor yozda kolbasa, konserva va dudlangan go‘sht yemaslikka chaqirdi

Shifokor yozda kolbasa, konserva va dudlangan go‘sht yemaslikka chaqirdi

Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Guli Shayxova jazirama issiqda qanday ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

Yozning issiq kunlarida inson ishtahasi biroz pasayadi. Shu bois sersuv noz-ne’matlar — meva-sabzavot va ulardan tayyorlangan salatlar sevib iste’mol qilinadi. Chunki bu ozuqalar chanqoqni qondiribgina qolmay, tanani zarur mineral va vitaminlar bilan to‘yintiradi.

Biroq ushbu mahsulotlar kam kaloriyali bo‘lgani tufayli kundalik sarflangan energiya o‘rnini bosolmaydi. Organizm esa doim oqsil moddalariga ehtiyoj sezadi.

Demak, go‘sht va uning o‘rnini bosuvchi dukkakli hamda boshqa ozuqalar kunlik dasturxonimizdan joy olishi kerak. Faqat ularni qaynatilgan holatda tanavvul qilish tavsiya qilinadi. Suyuq ovqatlar issiq kunlar uchun, ayniqsa mos.

O‘z navbatida, yozda ovqatlanish tartibini ham biroz o‘zgartirgan ma’qul. Soat 7:00 nonushta uchun mos vaqt. Ertalab sut mahsulotlari, meva-sabzavot, qaynatilgan go‘sht va tarkibida oqsil, yog‘ va uglevodlar bo‘lgan boshqa mahsulotlar iste’mol qilinishi kerak.

Tushlik uchun yengil hazm bo‘luvchi sho‘rva, moshxo‘rda, mastava, manpar, suvda yoki bug‘da tayyorlangan kotletlar foydali. Ular sabzavotlardan tayyorlangan salat va ko‘katlar bilan qo‘shib tanavvul qilinsa, nur ustiga a’lo nur.

Meva sharbatlari tayyorlash chog‘ida ular tarkibiga imkon qadar shakar qo‘shmaslikni tavsiya qilamiz.

Kolbasa, konserva va tuzlangan mahsulotlar, sho‘r baliq, dudlangan go‘shtdan mutlaqo tiyilish kerak. Bunday yeguliklar chanqoqni oshirishidan tashqari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kechki ovqat uchun taomnoma ham tez va yengil hazm bo‘luvchi suyuq ovqatlardan tashkil topishi lozim. O‘zida nisbatan kam uglevod saqlovchi qatiq, olma, sabzavotlar ham dasturxonga tortiq etilishi kerak.

Pishiqchilik ne’mati bo‘lgan qovun va tarvuz iste’moli uchun tushlik payti eng maqbul davr. Ular ham quvvat beradi, ham chanqoqni bosadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring