Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Singapurda muzokaralarni boshlab yubordi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Singapurda muzokaralarni boshlab yubordi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 17-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Singapur sammitidan avval Singapur Prezidentining «Istana» saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Prezidenti Halima Yaqub Faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo‘lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bunday tadbirlar an’anaviy ravishda ushbu mamlakatning oliy martabali mehmonlari va taniqli arboblarga yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida o‘tkaziladi.

An’anaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi - «Shavkat Mirziyoyev orxideyasi» deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.

Ushbu ko‘rkam va yoyilib o‘suvchi gul Encbi Purple va Kila Blue orxideyalarining gibridi hisoblanadi. Uzunligi 45 santimetr bo‘lgan qat-qat yaproqli qo‘shgullar, ularning har birida 17 tadan 20 tagacha gul hosil qiladi, har bir gulning eni 5 santimetr atrofida. Och siyohrang barglar va kosachabarglarning cheti mayin binafsharang.

Shundan so‘ng Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Ta’lim sohasida faol hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti hamda Singapur texnologiyalar, menedjment va kommunikatsiyalar akademiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish borasidagi tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Singapur xalqaro maydonlarda mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot masalalarida bir-birini anglashi va bu boradagi tashabbuslarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shavkat Mirziyov Halima Yaqubni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring