Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Yangi O‘zbekiston — investorlar uchun ochiq, erkin va ishonchli mamlakat»

Shavkat Mirziyoyev: «Yangi O‘zbekiston — investorlar uchun ochiq, erkin va ishonchli mamlakat»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkentda Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning majlisdagi nutqi mamlakatdagi investitsion muhit, islohotlar va kelajakka qaratilgan strategiya tamoyillarini yaqqol namoyon etadi.

Shaffof muloqot va amaliy natijalar

O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichida. Bugun investorlar nafaqat sherik, balki yangi tarixning hammuallifi sifatida ko‘rilmoqda. Prezident Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining yig‘ilishida ana shu g‘oyani ilgari surib, forumlar va muloqotlar amaliy natijaga qaratilgan bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Bu yo‘nalishdagi dastlabki qadamlar samara bermoqda. Misol uchun, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 2023 yili O‘zbekistonga 1 milliard dollar miqdorida investitsiya yo‘naltirilgan — bu bank uchun mintaqadagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Buning o‘ziyoq so‘nggi yillardagi ochiqlik siyosati, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va hukumatning tuzilmaviy islohotlarga sodiqligiga bo‘lgan ishonch ifodasidir.

«Yashil iqtisodiyot» — kelajak poydevori

Prezident nutqida alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardan biri — «yashil» energiya va ekologik barqaror rivojlanish masalasi bo‘ldi. Ushbu sohada dunyodagi yetakchi kompaniyalar — «Acwa Power», «Masdar», «Linde», «Total Energies» va boshqalar tomonidan 8 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilingan.

Bugun O‘zbekiston tabiiy resurslarga asoslangan iqtisodiyotdan tashqari, innovatsion, ekologik va raqamli yechimlar sari yo‘l olmoqda. Xususan, «DataVolt» kompaniyasi mintaqadagi eng yirik «yashil data markaz»ni qurishni boshlagan bo‘lsa, «Veon» sun’iy intellektga asoslangan mobil super-ilova loyihasini amalga oshirmoqda.

2028 yilgacha biznes uchun asosiy soliq stavkalari o‘zgarmaydi

Investorlar uchun qonunchilik muhitining barqarorligi har qanday sarmoya qarorining asosiy omillaridan biri. Prezident 2028 yilgacha biznes uchun asosiy soliq stavkalarining o‘zgarmasligini e’lon qilishi ana shunday ishonchni mustahkamlovchi qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma sohalarida 4,5 milliard dollarlik loyihalar boshlangan.

Bu faqat davlat tashabbusi emas. Investorlardan kelib tushgan 40 dan ortiq takliflar chuqur tahlil qilinmoqda va ular asosida qonun, farmon va qarorlar qabul qilinishi belgilandi. «Knauf», «TBC», «Ernst & Young» kabi kompaniyalar bergan takliflar jamoaviy islohotlar jarayonining amaliy jihatini namoyon etmoqda.

Xalqaro sheriklikda yangi bosqich

Prezident nutqida yana bir muhim taklif ilgari surildi: Xorijiy investorlar kengashi kotibiyatini mustaqil yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish. Bu Kengashni texnik organ emas, balki real investitsion siyosat shakllanishidagi markaziy muloqot platformasi sifatida ko‘rishga xizmat qiladi.

Shuningdek, elektr tarmoqlariga ulanish, kadrlar tayyorlash, korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etilishi rejalashtirilgani, investitsiya muhitini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli yondashuvdir.

Yangi O‘zbekistonning hammualliflari

Muloqot yakunida Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning investorlar uchun «ochiq, erkin va ishonchli mamlakat» ekanini yana bir bor ta’kidladi. Bugungi islohotlar ortga qaytmaydi. Prezident o‘z nutqini muhim chaqiriq bilan yakunladi: «Sizlarni yurtimizga shunchaki sarmoya kiritishga emas, balki muvaffaqiyatimiz tarixining chinakam ishtirokchilariga, biz yaratayotgan buyuk kelajakning ajralmas qismiga aylanishga chorlaymiz».

Demak, investorlar endi faqat moliyaviy ishtirokchi emas, balki Yangi O‘zbekistonning hammualliflaridir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring