Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev «ruxsat beruvchi» idoralar sonini qisqartirish kerakligini aytdi

Shavkat Mirziyoyev «ruxsat beruvchi» idoralar sonini qisqartirish kerakligini aytdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ushbu tadbir joriy yil 23-iyul kuni o‘tgan yig‘ilishning mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘shanda sohadagi tizimli muammolar chuqur muhokama qilinib, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi. Bu galgi yig‘ilishda shu boradagi ishlar qanday tashkil etilayotgani yuzasidan mutasaddi vazirlik va tashkilot, hududlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Ular tadbirkorlar tashabbuslarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolarni respublika idoralari aralashuvisiz, joyida hal qilish mumkinligini ta’kidladi.

Masalan, yer ajratish hamda infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq masalalar hal etilsa, tadbirkorlarning aksariyat muammosi yechiladi. Lekin yer ajratish uchun xulosa beradigan sakkizta idora tomonidan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari asossiz ravishda, oylab cho‘zib yuborilmoqda.

Prezident mazkur tashkilotlarning ruxsat berishga oid funksiyasini muvofiqlashtirish, ulardagi ma’lumotlar bazasini integratsiyalash orqali bunday «ruxsat beruvchi» idoralar sonini qisqartirish, bu boradagi tartibni takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yirik korxonalarning bo‘sh turgan ob’yektlari negizida qo‘shimcha kichik sanoat zonalari tashkil etish, ularni elektr, suv, gaz, yo‘l va aloqa kommunikatsiyalari bilan ta’minlashga ketadigan xarajatlarning 65 foizini respublika budjetidan qoplash tartibini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring