Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylov: Makron va Sholsning siyosiy mag‘lubiyati

Saylov: Makron va Sholsning siyosiy mag‘lubiyati

Foto: Global Look Press

6-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Yevropa parlamenti saylovining dastlabki natijalari e’lon qilindi. Saylovda o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi partiyalar o‘z mavqeini mustahkamlagani holda, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Sholsning partiyalari yaqqol mag‘lubiyatga uchragan.

Fransiya rahbari Emmanuel Makron boshchiligidagi «Uyg‘onish» partiyasi 14,7 foiz ovoz oldi. Uning asosiy raqibi Marin Le Pen boshchiligidagi  «Milliy birlashuv» partiyasi esa ikki baravar ko‘p ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Yaqqol siyosiy mag‘lubiyat Makronni qaltis qadam tashlashga undadi: u parlamentni tarqatib yuborib, joriy yil 30 iyun va 7 iyul kunlariga navbatdan tashqari parlament saylovi belgiladi.

Germaniyada xristian demokratlar partiyasi 30 foiz saylovchining ishonchini qozondi. O‘ta o‘ng qanotga mansub «Germaniya uchun muqobil» partiyasi 16,5 foiz ovoz yig‘di. Iqtidordagi sotsial demokratlar, ya’ni kansler Shols partiyasi esa 14 foiz ovoz bilan kifoyalandi.

Yevropa Ittifoqi siyosatida o‘ta o‘ng qanot partiyalar an’anaviy ravishda kuchsiz mavqei egallab kelgan. Ularning siyosiy sahnada mavqei oshib borayotgani nafaqat iqtidordagi rahbarlar, balki an’anaviy qadriyatlarga suyangan partiyalar uchun ham jiddiy chaqiriq o‘laroq baholanmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, Yevropa xalq partiyasi Yevropa parlamentidagi 720 o‘rindan 189 tasini olgan (2019 yilgi saylovda 176 ta mandat). Sotsial demokratlar 135 ta mandat bilan ikkinchi o‘rinni, «Yevropani yangilab» liberal fraksiyasi 83 ta mandat bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

«Yashillar» ham yirik yo‘qotishga uchragan. 2019 yili ular Yevroparlamentda 72 ta o‘rinni olgan bo‘lsa, bu gal 53 ta mandatga qanoat qildi.

Hozircha 27 ta davlat tamsil etilgan qonunchilik idorasida Yevropa qadriyatlarini himoya qilayotgan deputatlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo tahlilchilar o‘ta o‘ng qanotga mansub partiyalar ta’siri va nufuzi oshib borayotgan bir paytda migratsiya, iqlim o‘zgarishi, xavfsizlik kabi yo‘nalishlarda yakdil qaror qabul qilish qiyin bo‘lishini taxmin qilmoqda.   

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring