Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramazonda muqaddas masjidga bosqin uyushtirilgani musulmon olamida keskin e’tiroz uyg‘otdi

Ramazonda muqaddas masjidga bosqin uyushtirilgani musulmon olamida keskin e’tiroz uyg‘otdi

Isroil politsiyasi o‘tkazgan reyd xalqaro huquqqa zid deb baholandi.

Foto: Reuters

15-aprel tongida Isroil politsiyasi Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirdi. Bomdod namoziga yig‘ilgan musulmonlar va Isroil xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 150 dan ziyod falastinlik jarohat olgan, 400 nafari hibsga olingan.

Falastinliklar muqaddas masjid hududiga politsiyachilarning kirishini provokatsiya o‘laroq qabul qilgan va ularga qarata tosh uloqtirgan. Isroil tomoni ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlarni ishlatgan.

Qizil yarimoy jamiyati jarohatlanganlarning aksari shifoxonaga olib ketilgani, ayni choqda, Isroil kuchlari tez yordam mashinalarining harakatiga to‘sqinlik qilgani haqida xabar bergan.

Isroil politsiyasi masjid hududiga olomonni tarqatish uchun kirganini ma’lum qilgan.

Bir necha oy avval Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Isroilni falastinliklarga nisbatan aparteid siyosati yuritishda ayblagandi.

Keyingi kunlarda ham bosib olingan G‘arbiy sohilda muntazam ravishda reydlar o‘tkazilib, ko‘p sonli falastinliklar hibsga olinmoqda.

«Al-Jazira» nashri siyosiy tahlilchisi Marvan Bishara ishg‘ol ostida bo‘lgan Sharqiy Quddusdagi so‘nggi hodisalarni sharhlar ekan, Ukraina urushi bilan andarmon bo‘lgan xalqaro hamjamiyat falastinliklarning ohu nolasiga quloq solmayotganini qayd etgan.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Al-Aqsoga hujumni urush e’lon qilishga qiyoslab, bosqinchi kuchlarga muqaddas masjidga egalik qilishga aslo yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya Quddusda chaqirilmagan mehmonlarga joy yo‘qligi, Falastin xalqi Al-Aqsoni jonini fido qilib bo‘lsa-da himoya qilishi haqida bayonot bergan.

Al-Aqsoga ayni Ramazon kunlari hujum uyushtirilgani islom dunyosi tomonidan ham keskin qoralandi. Jumladan, Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya, Iroq, Yaman, Liviya, Misr kabi mamlakatlar tashqi ishlar vazirliklari masjidga bostirib kirilgani va ibodat bilan mashg‘ul musulmonlarga hujum qilinganini xalqaro huquqning poymol etilishi deb baholagan hamda Isroilni musulmonlarning muqaddas tuyg‘ulari bilan o‘ynashmaslikka undagan.

Isroil harbiylari o‘tgan yil Ramazon oyida ham Al-Aqso masjidiga bostirib kirgandi.

O‘shanda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotir izhor etgandi.

«Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz. Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini – status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur deb hisoblaymiz», – deya bayonot bergan edi vazirlik.

Al-Aqso musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar bo‘lib kelganlarining dastlabki yillarida musulmonlar namozlarini ushbu masjid tomon yuzlanib o‘qiganlar. Bu jihatdan, Al-Aqso ilk qibla o‘laroq e’zozlanadi. Qolaversa, Isro kechasida Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkadan Quddusga – Al-Aqso masjidiga sayr ettirgan. Ushbu masjidda o‘qilgan bitta namozga boshqa yerda o‘qilgan namozdan 500 barobar baland maqom berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967-yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyati qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring