Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barselona Isroil hukumati bilan aloqalarini to‘xtatadi

Barselona Isroil hukumati bilan aloqalarini to‘xtatadi

Ispaniyaning Barselona shahar kengashi 30-may kungi yig‘ilishida Isroil hukumati bilan barcha rasmiy munosabatlarni uzishga qaror qildi. Bu haqda mahalliy «El País» nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Comunes» va Sotsialistik partiya (PSC) tayyorlagan qarorni ERC partiyasi ham qo‘llab-quvvatlagan. Qarorda qayd etilishicha, shahar xalqaro huquq va inson huquqlari ta’minlanmaguncha Isroil hukumati bilan institutsional aloqalarni to‘xtatadi. Hujjatda 1998-yildan buyon amal qilib kelayotgan Tel-Aviv bilan do‘stlik va hamkorlik kelishuvi ham bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Barselona portiga Isroilga qurol olib ketayotgan kemalarni kiritmaslik ham tavsiya etilgan. Bundan tashqari, shaharning har qanday qurol-aslahaga aloqador faoliyatdan xoli bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan.

Qarorda Isroilning G‘azo sektoridagi aholiga qarshi harakatlari ham keskin qoralangan, bu harakatlar xalqaro huquqqa zid ekani qayd etilgan. Shu bilan birga, har qanday turdagi antisemitizm va islomofobiyaga qarshi kurash muhimligi alohida ta’kidlangan.

Barselona bu qaror orqali xalqaro miqyosda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi pozitsiyasini yana bir bor namoyon etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring