Quyosh nega ba’zi odamlarni aksirishga «majburlaydi»?
Sovqotganingizda, allergiya bo‘lganingizda yoki tasodifan qalampirni hidlasangiz aksirish odatiy holdir. Ammo ba’zi odamlar quyoshga, lampochkaga, olovga yoki biron bir yorug‘lik manbasiga qarasa aksiradi. Bu nurli aksirish refleksi deb ataladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda 35 foiz odamlarda yorug‘likka yengil aksirish refleksi mavjud. Ammo, bu refleks keng tarqalganligiga qaramay unchalik o‘rganilmagan.
Odamlar nima uchun quyoshdan aksirishlari haqida bir nechta nazariyalar mavjud. Ehtimol, yorug‘lik birdan o‘zgarganida ko‘zdagi asab tolalari «qitiqlanar». Shu sababli, xuddi burun tirnalgandagi kabi hissiyot paydo bo‘ladi – bu aksirishni keltirib chiqaradi. Ya’ni yorqin yorug‘lik ko‘z yoshlarini keltirib chiqaradi, ular qisqa vaqt ichida burunga kiradi.
Olimlar yorug‘likka aksirish refleksi uchun qanday odamlar moyilligini hali aniqlashmadi, ammo u meros bo‘lib o‘tishi mumkin ekan. Agar ota-ona quyoshga qarab aksirsa, bolada ham xuddi shunday reaksiya bo‘lish ehtimoli 50% ni tashkil qiladi.
Aksariyat odamlar quyoshda ketma-ket 2-3 marta aksiradi, ammo 40 yoki undan ortiq ketma-ket aksiradiganlar ham borligi aniqlangan.
Mutaxassislar yengil aksirish refleksi umuman xavfli emasligini aytishadi.
Unda nima qilish kerak? Quyoshga aksirish refleksini davolash mumkin emas, refleksni to‘xtatish uchun hech qanday dori yoki jarrohlik muolajalari yo‘q.
Yengil aksirish refleksi bilan kurashishning eng yaxshi usuli ko‘zlaringizni quyoshdan himoya qilishdir. Keng aylanali panama, kepka kiyishingiz yoki quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak taqishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter