Quvasoyda raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi Ishchi guruh Farg‘ona viloyatida bo‘lib, tizimdagi korxona, tashkilot va muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. Kecha, 4-fevral kuni Quvasoy shahrida raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi.
«O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filiali Quvasoy shahar bog‘lamasi binosida tashkil etilgan mazkur markaz ochilish marosimida «O‘zbektelekom» AK bosh direktori Nazirjon Hasanov, «O‘zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori Alisher Fayzullayev va tizimdagi korxona, tashkilotlar mas’ul rahbarlari, keng jamoachilik vakillari, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdilar.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3-yo‘nalishi — Aholi va yoshlarning kompyuter texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasidagi tadbirkorlikka jalb qilish doirasida qator xayrli ishlar amalga oshirilayotgani, respublika miqyosida «Axborot texnologiyalarini rivojlantirish markaz»lari tashkil etilayotgani ham shu ezgu ishlar jumlasidan ekanligi, tizimdagi korxonalar markazda bor imkoniyatlarini ishga solib munosib shart-sharoitlar tayyorlashgani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, raqamli texnologiyalar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hududlarda yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga muvaffaq bo‘linmoqda. Ijodiy-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratilayotgani tufayli ularning kompyuter texnologiyalari, dasturlash asoslari va robototexnika, kompyuter o‘yinlarini va kibersportga qiziqishlari tobora ortib bormoqda. Turgan gapki, markazlar ishlayotgani sharofati bilan sohada mutaxassislar tizimini takomillashtirishga erishilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter