Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada qassob yigit o‘z kushxonasida so‘yib ketilgani aytilmoqda

Farg‘onada qassob yigit o‘z kushxonasida so‘yib ketilgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 38 yoshli qassob o‘z uyidagi kushxonada so‘yib ketilgani haqida xabar tarqalmoqda. Xabar.uz so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov joriy yilning 5 iyun kuni quvalik qassobning murdasi xonadoniga tutash kushxonadan topilganini tasdiqladi.

Bildirilishicha, sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, qassobning o‘limiga bo‘yin old yuzasi yuqori qismidagi mushaklari qon tomirlari shikastlanishi ortidan qon ketishi natijasida vafot etgan. Shuningdek, murda ko‘zdan kechirilganda boshqa tan jarohatlari va ulardan qolgan izlar ham aniqlangan.

Holat yuzasidan o‘ttizdan ortiq shaxslar so‘roq qilingan. Ularning aksariyati marhumdan haqdorligi, qassobning qarzlari turli qora mol va qo‘ylarni nasiyaga olgani natijasida hosil bo‘lganini bildirishgan.

Ayni paytda Quva tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari davom ettirilmoqda.

Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi, dedi Bosh prokuratura rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onaning boshqa tumanida ota o‘z qizini o‘ldirib qo‘ygan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring