Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘qondagi «Berlin devori»... U ko‘chani kim va nega to‘sdi?

Qo‘qondagi «Berlin devori»... U ko‘chani kim va nega to‘sdi?

Foto: Respublika ishchi guruhi

Qo‘qon shahridagi «Sunbula» mahallasining Yangi avlod, Baynalmilal jangchilar, Yoriy ko‘chalarida yashovchilar, ya’ni «Buyuk ipak yo‘li» va «Rizq baraka» bozorlari orqasida joylashgan uchta ko‘cha aholisi ishchi guruh kirishi bilan ularga gurra tashlandi. Biri qo‘yib biri arzu dodini bayon qilishga tushdi.

Aytishlaricha, ko‘chalarga 2013-yilda yangi bozor qurilgan vaqtda devor tortilgan va aholiga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Ilgari ular o‘z uylarida qonuniy asosda tadbirkorlik qilishgan va yaxshi daromad topib ro‘zg‘or tebratishgan. Endilikda bunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolishdi.

— Men 2012-yilda «Mo‘’tabar fazilat» xususiy korxonamni ochgan edim, — deydi korxona rahbari Nazarova Muhayyo tushkunlik bilan. — Bir yarim yil gulday ishladi. Uyda 9 xil ovqat — sho‘rva, palov, ko‘cha oshi, chuchvara, lag‘mon, manti, tabaka, tushonka va kabob pishirib, ertalab soat 5 dan kechki 16 gacha ishlardik. Mingtacha, ba’zi kunlari bir yarim ming odam kirib ovqatlanib ketardi. Men, turmush o‘rtog‘im, ikki o‘g‘lim va kelinlarim, bitta oshpaz, ikkita kabobpaz, bitta choyxonachi, ikkita idish yuvuvchi, uchta ofitsiant, bitta xamir qoruvchi, jami 16 ta odam ish bilan ta’minlangan edik. Ularning har biriga o‘sha vaqtda kuniga 20 mingdan haq berardim. Davlatga ham soliqlarni vaqtida to‘lab borardim. Bu uch ko‘chada menga o‘xshash o‘ttiztacha tadbirkor bor edi. Nima bo‘ldi-yu, 2014-yilda bir kunda bekitib yuborishdi.  

Foto: Respublika ishchi guruhi

— Nega berkitishdi?

— 2013-yil oxirida «Buyuk ipak yo‘li» bozori ta’mirlangan chog‘da, bizdan so‘rab o‘tirmay, bozorchilarni xuddi shu uchta ko‘chaga savdo qilish uchun kiritishgan edi, — deya suhbatga qo‘shiladi Baynalmilal jangchilar ko‘chasi 4-uyda yashovchi Muhabbat Baratova. — Men patent asosida uyim ichi va atrofidan avtomobillar qo‘yish joyi sifatida foydalanib daromad olardim. 14 tagacha qo‘yardim. Davlatga oyiga 260 ming so‘m to‘lardim. Kunimiz o‘tib turardi-da. 7 oyda bozor bitdi. Do‘konlar qimmatligi uchun sotuvchilar uni olmadi. Bizga shu ko‘cha tinch deb turishdi. Oqibatda bozor ma’muriyati tushumsiz qoldi. Aybdor esa ko‘cha bo‘ldi. Yemagan somsaga pul to‘ladik. Devorni bekitsak, muammo hal bo‘ladi deb bizni asosiy yo‘ldan uzib tashlashdi. Yo‘lni bekitmanglar desak, tayoqli militsiyani avtobusi bilan keltirib qo‘rqitishdi.

— Xo‘sh, devor o‘zi qanday muammo tug‘dirmoqda? Katta bozor hududidagi tayinli-betayin odamlardan ko‘changizni himoya qilmayaptimi? Chip-chiroyli, tekisgina ekan. Ko‘rinishi yaxshi-ku?

— Hech yaxshi emas, — deya suhbatimizga qo‘shiladi shu ko‘chadagi 10-uyda yashovchi Nasiba Abdullayeva. — Uchta mahallaning 78 ta xonadoni ahli o‘n metr naridagi bozorga o‘tish uchun bir yarim chaqirim yo‘l bosishga majbur bo‘lmoqda. Yoki 33-maktabga borish uchun avval 500 metr yo‘l bosgan bo‘lsak, endi bolalarimiz ikki chaqirim aylanib yurishibdi. Aholiga qiyinchilik bo‘ldi. Devorni qurish bo‘yicha qarorning o‘zi yo‘q. Shaharning sobiq hokimi Akbar Abdullayev ko‘chaga kelib, devor qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan. «Hokim buva, bu nimasi o‘zi, urush bo‘layaptimi, devor tortasiz ko‘chaga?» dedik. Bu ishlar hammasi vaqtincha, tez orada devorni buzamiz, lekin avval qurib olishimiz kerak. Ko‘p pul topib semirdilaring, ungacha sal o‘zlaringizga kelib olasiz deb masxara qildi. Devor tortildi-yu, ko‘chalardagi 50 tacha xonadon tirikchilik manbaidan mahrum bo‘ldi.

Foto: Respublika ishchi guruhi

— Ayniqsa, menga yomon bo‘ldi, — deb yana suhbatga qo‘shiladi sobiq «Mo‘’tabar fazilat» xususiy korxonasi rahbari Nazarova Muhayyo. — 16 kishi ishsiz qoldi. 15 ming dollar qarzga kirdik. Oqibatda turmush o‘rtog‘im Yusufjon Nazarov va o‘g‘lim Rustam Nazarov ishlash uchun 2016-yilda Turkiyaning Istanbul shahriga ishlashga ketishdi va qattiq qiynalib yurishibdi. O‘sha voqealardan menda qand kasali paydo bo‘ldi. Kasalmand bo‘lib qoldim. Kelinlarim esa ishsiz. Bitta o‘g‘lim bozorda sotuvchi, tirikchilik shuning zimmasida.     

Nima, bozor maxfiy hududmi yoki aholidan ajratilib qo‘riqlanadigan maxsus joymi? Buning ustiga aholining uylari joylashgan ko‘cha bozor hududidan tashqarida-ku. Xalqning unga yondosh katta ko‘chaga chiqish imkoniyati nega cheklanmoqda? Aholi istagi va irodasiga qarshi qanday devor tortish mumkin? Qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralar ochilayotgan bir paytda nima uchun Qo‘qon shahri mutasaddilari uchta ko‘cha to‘sib qo‘yilgan devorni ochishmaydi? Uni zamonaviy shaklda temir panjaradan qilgan holda o‘rtasidan odamlar o‘tib-qaytishi uchun eshik ochib qo‘yish mumkin emasmi?  

Maqolani tayyorlash asnosida, ya’ni 21-aprel kuni Yangi avlod ko‘chasidagi devordan kichik eshik ochilgani ma’lum bo‘ldi... Navbatdagi ko‘chalarda esa o‘zgarishlar hozircha kuzatilmadi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring