Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qatar Rossiyadan «S-400» rusumli zenit raketa tizimlarini sotib olishda hech qanday muammo yo‘qligini ma’lum qildi

Qatar Rossiyadan «S-400» rusumli zenit raketa tizimlarini sotib olishda hech qanday muammo yo‘qligini ma’lum qildi

«S-400» rusumli raketa tizimlari.

Foto: «Macedoniaonline.eu»

Qatar mudofaa vaziri Xolid bin Muhammad Atiyya Rossiyadan «S-400» rusumli raketa tizimlarini xarid qilishning yomon tomoni yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda u dushanba kuni Vashingtonning «Meros» konservativ jamg‘armasida (Heritage Foundation) ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

U Rosiyadan raketa komplekslari xarid qilinayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlamadi va: «Men boshqa tizimlarni ko‘rib chiqayotganimiz va izlayotganimizda hech qanday muammo ko‘rmayapman. Ammo bu biz AQSh bilan mudofaa sohasidagi munosabatlarimizni o‘zgartirmoqchimiz degani emas», — dedi.

«Birinchidan, Qatar mudofaa vazirligi bu haqda gapirgani yo‘q, — deya ta’kidladi Atiyya «S-400»ni sotib olishga oid ma’lumotni tasdiqlash haqidagi so‘rovga javob bera turib. — Biz, odatda, vazirlikda mavjud barcha imkoniyatlarni o‘rganamiz. Sizga, mamlakatingizga mos keladigan narsalarni o‘rganish, ko‘rib chiqish va izlab topishning hech qanday yomon joyi yo‘q».

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa sohasida Vashington bilan mustahkam aloqalarga egaligi Doxa «boshqa mamlakatlarning takliflarini o‘rgana olmaydi» degani emas.

Payshanba kuni Pentagon rasmiy vakili Dan Uayt Qatarning Rossiyadan «S-400» raketa tizimlarini sotib olish haqidagi rejasi mamlakatning suveren qarori ekanini aytgan edi.

Oldinroq, Qatarning Moskvadagi elchisi Fahad Muhammad Atiyya TASSga bergan intervyusida Qatar «S-400» rusumli zenit raketa tizimlariga qiziqish bildirayotganini va bu borada muzokara ketayotganini aytgan, «Gap aynan “S-400” haqida borayaptimi?» degan savolga «aynan shunday» deya javob bergan edi. Keyinroq esa elchixona Rossiya bilan aynan «S-400» raketa komplekslari emas, balki havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olish borasida muzokara olib borilganini ma’lum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring