Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Juen O: «Professorning ishi faqat dars berish emas»

Juen O: «Professorning ishi faqat dars berish emas»

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) — Koreya universitetlari tarixida Koreya tashqarisida ochilgan birinchi oliy ta’lim dargohi. IUT dagi ta’lim jarayoni to‘liq koreyaliklar nazorati ostida. IUTda dunyoning mashhur universitetlarida tahsil olgan janubiy koreyalik, amerikalik, fransiyalik, bolgariyalik, o‘zbekistonlik va bir qator boshqa mamlakatlardan kelgan o‘qituvchi-professorlar yurtimiz o‘g‘il-qizlariga logistika va kompyuter-axborot texnologiyalari sohasi sirlarini xalqaro standartlar darajasida o‘rgatishmoqda.

Ular orasida ikki yildan buyon IUT talabalariga menejment fanlaridan a’lo darajada saboq berib kelayotgan Janubiy Koreyadan kelgan professor Juen O xonim ham bor. Biz o‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida professor Juen O bilan uchrashib, suhbatlashdik.


— Janubiy Koreyada «O‘qituvchilar va murabbiylar» bayrami bormi?

— Ha, 15 may «O‘qituvchilar kuni» deb belgilangan. Lekin sizdagidan farqi — «O‘qituvchilar kuni» Koreyada oddiy ish kuni, ya’ni dam olish kuni emas. O‘tgan yili men O‘zbekistondagi «O‘qituvchi va murabbiylar kuni»ga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini ko‘rib, juda hayron va xursand bo‘ldim. IUT talabalari o‘qituvchi-professorlar uchun maxsus va ajoyib bayram tadbiri tashkil qilishdi, chin dildan tabriklab, sovg‘alar taqdim etishdi. Men O‘zbekiston hukumati ustoz va murabbiylarga ko‘rsatayotgan hurmat-e’tibordan judayam ta’sirlandim.

— Biz sizni IUT da talabalarga menejment fanlaridan a’lo darajadagi ma’ruzalaringizdan tashqari menejment sohasida ilmiy tadqiqotlar ham olib borayotganingiz hamda nufuzli xalqaro menejment jurnallarida IUT nomidan ikki yil ichida bir nechta maqola chop ettirganingizni eshitib xursand bo‘ldik. Bu albatta Toshkent shahridagi Inha universitetining dunyo universitetlari orasidagi reytingi va nufuzi oshishiga xizmat qiladi. Hozir qanday ilmiy tadqiqotlar bilan bandsiz?

— Ilmiy tadqiqotlarim Kadrlar menejmenti sohasi haqida. Hozir bilasiz, O‘zbekistonda universitetlarning xalqaro reytingini ko‘tarish va oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish maqsadida mamlakatingiz universitetlari va ilmiy tadqiqot mussasalariga ma’ruza o‘qish va mahalliy professor olimlar bilan xalqaro darajadagi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun chet eldan malakali professorlar jalb qilinyapti. IUT da chet ellik professorlar ko‘pchilikni tashkil etishidan ham xabardorsiz. Shuning uchun hozir men IUTda va O‘zbekistondagi boshqa universitetlarda ishlayotgan chet ellik va mahalliy professorlar orasida so‘rovnomalar va intervyular tashkil qilib, ular O‘zbekiston universitetlarida va umuman O‘zbekistondagi hayot tarziga moslashishi va muvaffaqiyatli faoliyat olib borishlari uchun qanday omillar muhimligini tadqiq qilyapman.

Bu tadqiqotimning birinchi natija va xulosalari bo‘yicha yozgan bitta maqolamni yaqinda xalqaro menejment jurnali chop etish uchun qabul qildi. Yakuniy natijalarimni olganimdan so‘ng esa kattaroq maqola yozib, uni ham xalqaro menejment jurnalida chop ettirishni rejalashtirganman. Men shunga aminmanki, ushbu tadqiqot natijalarim va tavsiyalarim O‘zbekistonga ishga keluvchi chet ellik professor hamda boshqa mutaxassislarga O‘zbekistondagi hayot tarziga, o‘zbek madaniyatiga va bu yerdagi ish muhitiga moslashib muvaffaqiyatli faoliyat olib borishlarida yordam beradi.

Bundan tashqari, men O‘zbekistonda ochilayotgan xorijiy kompaniya va xorijiy universitetlarga mahalliy nomzod kadrlarni tanlab olish-saralash mezonlari, intervyu o‘tkazish strategiyasi, bir so‘z bilan aytganda, qanday qilib O‘zbekistonda muvaffaqiyatli rekruting jarayonini tashkil qilish borasida tadqiqotlar olib borib, o‘z tavsiyalarimni tayyorlayapman.

Foto: «Xabar.uz»

— Toshkent shahridagi Inha universiteti O‘zbekistonda katta obro‘ga ega. Endi qanday qilib IUT mavqei va nufuzini Markaziy Osiyo va butun dunyoda ham ko‘tarsa bo‘ladi?

— Bilsangiz kerak, dunyodagi universitetlar reytingi bir necha mezonlar asosida belgilanadi. Bulardan eng muhimlari — universitet professorlari nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar bazasiga (Web of Science, SCOPUS ilmiy bazalari) kiruvchi jurnallarda chop etgan maqolalar soni va sifati, universitetda bitta professorga to‘g‘ri keluvchi talabalar o‘rtacha soni (bu ko‘rsatkich katta bo‘lmasligi kerak), universitetda ta’lim olayotgan xorijiy talabalar va ta’lim-tadqiqot olib borayotgan xorijiy professorlar soni va ulushlari.

Albatta, universitetimizning dunyo universitetlari orasida reytingi va nufuzini ko‘tarishda, o‘ylaymanki, eng avvalo, biz — professorlarda katta ma’suliyat yotadi. O‘zini hurmat qilgan va o‘zini professor deb hisoblagan har bir inson universitetda nafaqat talabalarni o‘qitishi, balki sifatli tadqiqotlar olib borishi va bir yilda hech bo‘lmaganda 1-2 ta maqolani nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop ettirishi shart.

O‘z kasbini sevgan va malakali professor buning uchun har doim imkoniyat topadi. Masalan, agar universitetda ilmiy tajriba uchun kerakli qandaydir uskuna mavjud bo‘lmasa, professor boshqa ilmiy markaz va universitet laboratoriyalari bilan hamkorlik qilib, bemalol kerakli tajribalarini u yerda o‘tkazishi, uning natijalarini tahlil qilib, ilmiy maqola yozishi mumkin. Albatta, ilmiy maqolani nufuzli xalqaro ilmiy jurnalda chop ettirish uchun, maqolada sifatli va dolzarb tadqiqot olib borilgan va olingan natijalar shu fan sohasi uchun yangi, muhim va kerakli bo‘lishi lozim. Sifatsiz maqolani nufuzli xalqaro ilmiy jurnalda chop ettirib bo‘lmaydi.


Agarda professor muntazam ravishda dolzarb ilmiy tadqiqotlar olib bormasa, u o‘z malakasini yo‘qota boradi va talabalarga fanning eng so‘nggi natijalarini o‘z ichiga qamrab olgan ma’ruzalarni taqdim eta olmaydi, ya’ni professor o‘tmishda «qotadi».   


Bilasizki, hozirda dunyoda ilmiy tadqiqotlarning eng katta ulushi barcha fan sohalarida nazariy modellashtirish hamda shu nazariy modellar asosida kompyuterlarda hisoblash va yakuniy natijalar olishdan va ularni tahlil qilishdan iboratdir. Bunday ilmiy tadqiqotlarni olib borish uchun tezkor kompyuterdan tashqari boshqa laboratoriya uskunalari talab etilmaydi. Masalan, bizning IUTda katta hajmdagi xotirani o‘z ichiga olgan serverlar va katta tezlikdagi elektron hisoblash mashinalari (kompyuterlar) mavjud. Demak, universitetimizning o‘zida professorlarimiz bemalol katta hajmdagi nazariy hisoblashlarni amalga oshirib, olingan natijalarni tahlil qilib, maqola yozishlari mumkin.

Har bir universitetda, talabalarga yuqori darajada ma’ruzalar o‘qishdan tashqari, ilmiy natijalarini xalqaro ilmiy jurnallarda chop ettirayotgan professorlar — universitetning yuragidir. Shuning uchun, universitetning maqolalar soni va nufuzini oshirish maqsadida, bunday professorlarga, maqola chop etmayotgan oddiy professor-o‘qituvchilarga qaraganda, kamroq ma’ruza yuklamalarini (soatlarini) belgilash kerak.

Yaqin kelajakda IUTda magistratura ochilishi rejalashtirilmoqda, unda professorlarimizga magistr talabalarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilish talab etiladi. Bu degani, professorlarimiz ma’ruzalar o‘qishdan tashqari, albatta, sifatli ilmiy tadqiqotlar olib borishlari va ilmiy maqolalarini nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarida chop ettirib, Toshkentdagi Inha universitetining dunyo universitetlari orasidagi reytingi va nufuzi oshishiga o‘z hissalarini qo‘shishlari shart.

Suhbatingiz uchun rahmat!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring