Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2017-2024-yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim sohasida olib borilgan islohotlar natijasi tahlil qilindi

2017-2024-yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim sohasida olib borilgan islohotlar natijasi tahlil qilindi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017–2024-yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida olib borilgan islohotlar natijasini tahlil qildi.

2017/2018-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari (OTM) soni 72 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023/2024-o‘quv yilida ularning soni 219 taga yetgan (o‘sish — 304 foiz). Bu davrda xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni qariyb 4,5 barobarga oshib, 31 taga yetdi.

Ma’lumot uchun: 2024-yil holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda 113 ta, Qirg‘izistonda 61 ta, Tojikistonda 27 ta, Turkmanistonda 23 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan.

2025-yilda O‘zbekistondagi 23 ta oliy ta’lim muassasasi QS (Quacquarelli Symonds) xalqaro reytingining Markaziy Osiyodagi top universitetlar ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Times Higher Education (THE) Impact Rankings natijalariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistondagi 53 ta (Qozog‘istondagi 26 ta) oliy ta’lim muassasasi ushbu global reytingga kiritildi va ulardan 7 tasi (Qozog‘istondagi 3 ta) «Top-1000» ta oliy ta’lim muassasasi reytingidan joy olgan.

Ma’lumot uchun: Times Higher Education (THE) Impact Rankings — BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishga universitetlar qanday ta’sir ko‘rsatishini baholaydigan xalqaro reyting.

2024/2025-o‘quv yili boshida 18-23 yosh oralig‘idagi aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinish ko‘rsatkichi 47,7 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2017-yilda 8,3 foizni tashkil etgandi.

2024-yil O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 12,5 ming kishini tashkil qildi va 2017/2018-o‘quv yilidagiga ((1,3 ming nafar) nisbatan 9,6 barobar oshdi. Mamlakatlar kesimida xorijlik talabalarning aksariyatini Hindiston (6 502 nafar), Turkmaniston (1 430), Pokiston (1 250), Rossiya (732) fuqarolari tashkil etadi.

2024-yilda talabalar uchun 27,3 ming o‘rinli turarjoy barpo etildi. Shuningdek, talabalar turarjoyiga joylashish tizimi to‘liq raqamlashtirildi. Endi talabalar o‘z yashash joyini masofadan turib onlayn band qilishi mumkin.

OTMdagi o‘qituvchilar soni 2017/2018-o‘quv yilida 25,1 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023/2024-o‘quv yilida 45,4 ming nafarga yetdi. Bunda professor o‘qituvchilar ulushi 1 078 nafardan 2 074 nafarga, dotsentlar ulushi 4 091 nafardan 7 108 nafarga oshgan.

2024-yilda O‘zbekistondagi 7 ta oliy ta’lim muassasasining 39 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Xalqaro akkreditatsiyaga ega diplomlar boshqa mamlakatlarda ham tan olinadi. 2025-yilda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar sonini 45 taga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-sonli farmoniga muvofiq, davlat OTM magistraturasida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovi davlat budjeti hisobidan to‘lab berilmoqda. Bu maqsad uchun har yili kamida 200 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Bundan tashqari, 2022-yil 18-iyuldagi PQ–323-sonli qaror asosida, oliy va professional ta’limda tahsil olayotgan xotin-qizlarga 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditini ajratish tartibi joriy etildi va ushbu tizim 2024-yil 27-maydagi PF–82-sonli farmon bilan takomillashtirildi.

Ta’lim tizimi va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida «O‘zbekiston-2030» strategiyasida bir qator tadbirlar belgilangan.

Jumladan:

  • Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish;
  • 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish;
  • «Top-500»ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida «ikki diplomli tizim»ni joriy etish;
  • Qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turarjoyini qurish;
  • 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli «Top-1000» ta oliy ta’lim tashkiloti reytingiga kiritish.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring