Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident o‘tkazgan videoselektorda haftaning har jumasi «Chorvachilik kuni» deb e’lon qildi

Prezident o‘tkazgan videoselektorda haftaning har jumasi «Chorvachilik kuni» deb e’lon qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-noyabr kuni chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va ipakchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. 

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 23-oktyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilingan edi. Ushbu hujjat doirasida zamonaviy yondashuv asosida soha modernizatsiyasi boshlandi. Shuningdek, 7-noyabr kuni Prezidentning “Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

– Hududlarimiz salohiyatidan to‘g‘ri foydalanib, qayerga nima ekish, qaysi chorva turini yetishtirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish orqali bozorlarimizda go‘sht, sut va tuxum mahsulotlarini ko‘paytirish, narxlar barqarorligini ta’minlash va daromadni oshirish bo‘yicha, afsuski, samarali tizim mavjud, deb ayta olmaymiz, – dedi yig‘ilish avvalida Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimizda chorva ozuqasiga bo‘lgan talab 120 million tonnani tashkil etadi, ammo o‘tgan yilda atigi 47 million tonna ozuqa ishlab chiqarilib, ehtiyoj 40 foizga qondirilgan.

Butun dunyoda chorvani oziqlantirishda asosan silos va omuxta yem  ishlatiladi. Yangiyo‘l tumanida takroriy ekin sifatida makkajo‘xorining intensiv navidan gektariga 50-60 tonna silos olinganda uning 1 kilogrammi tannarxi bor-yo‘g‘i 150 so‘mni tashkil etgan. Vaholanki, 1 kg sheluxaning bozordagi narxi 2 ming so‘mdan oshadi. Ya’ni, shrot-sheluxaga nisbatan 10 baravar arzon ozuqani bemalol chorvadorlarning o‘zi yetishtirsa bo‘ladi.

Chorva uchun ozuqa navli bug‘doydan gektariga 100 sentnergacha hosil olish mumkin. Biroq, joylarda ozuqa-yemga bo‘lgan defitsitni qoplash choralarini ko‘rish o‘rniga ozuqabop ekin yerlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanish hollari tanqid qilindi.

– Sirdaryoda 16 ming gektar, Toshkent viloyatida 8,5 ming gektar ekin maydoni g‘alladan keyin bo‘sh turganini qanday izohlash mumkin? – deya savol bilan murojaat qildi Prezident.

Shu yilning o‘tgan 10 oyida xorijdan qariyb 100 million dollarlik zotli va go‘sht uchun qoramol import qilindi. Shuning uchun, qo‘shimcha ozuqa bazasini yaratish maqsadida chorvadorlarga yer berish, to‘g‘ri ekin turlarini ekish borasida topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, parrandachilikda ham shunga o‘xshash muammolar mavjud. Misol uchun, ozuqaning 70-75 foizi import hisobiga ta’minlanib, joriy yilning 10 oyida 80 million dollarga 160 ming tonna soya va kungaboqar shroti, 14 million dollarga 80 ming tonna makkajo‘xori import qilindi. Tarmoq korxonalariga bu yil ozuqa uchun 137 ming gektar o‘rniga amalda 5 ming gektar yer berilgan, xolos.

Chorvachilik sohasida mamlakatimizda saqlanib kelayotgan dolzarb muammolardan biri – naslchilik.

Qayd etish joizki, mahalliy chorva mollari 20 ming so‘mlik ozuqa-yem bilan kuniga 900 gramm tirik vazn olsa (500 gramm go‘sht), zotli mollar 1 kilogramm 600 gramm (900 gramm go‘sht) vazn oladi.

Qoramollarning 94 foizi, qo‘y va echkilarning 84 foizi, parrandaning 58 foizi aholi xonadonlarida boqiladi. Ayni paytda, mavjud qoramollarning bor-yo‘g‘i 34 foizi zotlidir. Ayniqsa, bu ko‘rsatkich Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida 26 foiz, Xorazmda 28 foiz, Qashqadaryoda 31, Samarqandda 33 foizni tashkil etadi.

Qo‘ychilikda esa faqat qorako‘l qo‘ylarning nasli 30 foizga yaxshilanishiga erishildi, xolos.

Bundan tashqari, mahalliy bir bosh sigirdan sog‘ib olinadigan sut yiliga 2,5 tonnadan oshmayapti. Har biri 2-3 ming dollardan import qilingan naslli sigirlar 35-40 litr sut berishi lozim bo‘lsa-da, chorvadorlarga bunday jonzotlarni parvarish qilish sir-asrorlari o‘rgatilmagani bois mahsuldorlik o‘rtacha 25 litrdan oshmayapti.

Chorvaning to‘g‘ri ratsionini ishlab chiqish, zamonaviy veterinariya xizmati ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar yetarli emas. Oqibatda fermerlarimiz chet eldan veterinar va zooinjenerlar jalb qilib, ularga 3-4 ming dollardan oylik to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, texnologiya asosida chorvani so‘yish tizimli yo‘lga qo‘yilmagani terining sifati buzilishiga olib kelyapti, bundan esa charm-poyabzal sanoati ham zarar ko‘rmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston bo‘yicha zamonaviy qushxonalar soni 49 taga yetadi, jumladan, Andijon viloyatida bitta, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘onada ikkitadan, Xorazmda uchta tashkil etilgan. Mavjudlari ham 30-40 foiz quvvatlarda ishlayapti, chunki aholi qushxonaga borishdan manfaatdor emas.

Chorvachilikning qisqa muddatda yuqori samara beradigan yo‘nalishlari, xususan, parrandachalik, baliqchilik, quyonchilikni rivojlantirishda muammolar talaygina.

Jumladan, bugungi kunda 38 ming gektar sun’iy suv havzalarining atigi 460 gektarida (1 foiz) intensiv baliqchilik tashkil etilgan. Buning asosiy sababi – intensiv usulda yetishtirilgan baliqning tannarxi oddiy usulda yetishtirilgandan 2 baravar qimmat. Shuning uchun tadbirkorlar oddiy usul bilan kifoyalanmoqda. Holbuki, bu usulda baliq yetishtirish 1 gektariga 2-3 tonnadan oshmasa, intensiv shaklda 100 tonnagacha mahsulot olsa bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari losos, osyotr, forel kabi tansiq baliqlarni intensiv usulda yetishtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Ular, ayniqsa tog‘oldi hududlarda zamonaviy texnologiyalar qo‘llagan holda parvarishlansa, hatto eksport ham qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Videoselektor yig‘ilishida quyonchilik bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, ushbu jonzotning terisi ham, go‘shti ham yuqori bahoga ega.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, naslli quyonni tabiiy usulda bir yilda 4 marta (6-8 ta bola), sanoat usulida esa 7 martagacha (8-10 ta) ko‘paytirish mumkin. Ayni paytda, O‘zbekistonda bugunga kelib 1 ming 250 ta quyonchilik fermasi mavjud bo‘lib, sanoat usulida 500 ming bosh quyon boqiladi, xolos.

Yuqoridagi muammolarni kompleks va tizimli hal etish, chorvachilik tarmoqlarini izchil rivojlantirish uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev qator vazifalar qo‘ydi.

Jumladan, Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan tajriba asosida yurtimizning aholi zich hududlarida mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan kreditlar asosida sut-go‘sht qayta ishlovchi korxona aholiga kooperatsiya asosida 5 boshgacha naslli qoramol yetkazib beradi, uni qanday parvarish qilishga o‘rgatadi. Korxona naslli qoramolning muntazam veterinariya nazoratini, belgilangan ratsion asosida ozuqalanishini hamda undan olinayotgan sutni bozor narxida sotib olinishini ta’minlaydi.

Bu tizimning afzalligi shundaki, aholi qoramolga ega bo‘ladi, sutni bozor narxida sotadi, bu bilan qoramol kreditini to‘laydi hamda tug‘ilgan buzoqlar hisobiga xo‘jalik ko‘payib boraveradi. Quyonchilikda ham ushbu tajribani joriy etish mumkin.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat ko‘mitasi, Xalq banki hamda Mikrokreditbankka viloyat hokimliklari bilan birgadlikda bir oy muddatda Andijon, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazmda mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklandi.

Undan tashqari, Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida chorva kooperatsiyalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni, imkoniyatdan kelib chiqib, 30 dan 100 boshgacha qoramoldan iborat oilaviy chorva fermalari tashkil qilinadi. Kooperatsiya ushbu tuzilmalarni ozuqa-yem, veterinariya xizmatlari va agrotexnika bilan ta’minlaydi.

Mazkur tajribaning afzalligi shundaki, oilaviy fermalar qayerdan yem va texnika olish, mahsulotni kimga o‘tkazish haqida bosh qotirmaydi. Bu ishlar bilan kooperatsiya shug‘ullanadi.

Yuqorida zikr etilgan tashkilotlar va hokimliklarga Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlarida kamida ikkitadan shunday chorva kooperatsiyalarini tashkil etish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati tajribasi asosida g‘allachilik klasterlari tashkil etish orqali 2-5 ming bosh qoramoldan iborat yirik fermalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi.

Bunda, kengayish istagini bildirgan va kamida 500 bosh qoramoli mavjud fermerlarga har 1 ming bosh uchun 300-400 gektardan yer berish orqali g‘allachilik klasterlari tashkil etiladi.

Ushbu tizim shunisi bilan jozibadorki, yirik klasterlar bug‘doyni qayta ishlash orqali omuxta yem ishlab chiqarish hamda g‘alladan bo‘shagan yerlarda takroriy ekin sifatida ozuqabop ekinlarni yetishtirib, o‘zi silos ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.

Qator idora va tashkilotlarga bir oy ichida har bir talabgorning takliflarini ko‘rib chiqib, amalga oshirish choralarini belgilash vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, chorvachilikni ozuqa-yem bilan ta’minlashda paxta klasterlari salohiyatidan samarali foydalanish zarur. Chunki bu tuzilmalarda yer, kuchli ozuqa, ishchi kuchi, texnika va moliyaviy imkoniyatlar yetarli. Shuning uchun barcha paxta klasterlariga 5 ming boshdan kam bo‘lmagan yirik shoxli qoramol komplekslari tashkil etish topshirig‘i berildi.

Ozuqa-yem ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun esa Navoiy tajribasini barcha hududlarda keng joriy etish lozimligi bildirildi.

Xususan, Xatirchi tumanida tajriba tariqasida 530 gektar yaylovni suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish orqali yerlarni o‘zlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yaylovda intensiv sug‘orish orqali 1 gektar yerdan yashil massada 80 tonna makkajo‘xori yetishtirilgan.

Qoraqalpog‘istonda, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida minglab gektar bunday yaylovlar mavjud. Shuning uchun mutasaddilarga mazkur hududlarda kamida 10 ming gektar yaylovlarda ozuqabop ekinlarni yetishtirish bo‘yicha “manzilli dastur” amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

Chorvachilikda nasl yuqori mahsuldorlikning birinchi omilidir. Shu bois har bir hududda sun’iy urug‘lantirish punktlarini tashkil etish, keyingi yil yakunigacha aholi ixtiyoridagi 70 foiz sigirlarni sun’iy urug‘lantirib, 2025 yilga qadar 60 foiz chorva mollarining naslini yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi.

Shuningdek, fermerlar va aholiga chorvani yaxshi boqishni o‘rgatish, Samarqand veterinariya instituti va uning Toshkent filiali negizida  Chorvadorlar amaliy o‘quv markazini tashkil etib, amaliy va masofaviy seminarlar o‘tishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mahsulot tannarxini kamaytirish va soha raqobatbardoshligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Kelgusi yildan chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik tarmoqlarini subsidiya berish orqali qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda. Dunyo tajribasidan kelib chiqib, subsidiya yetishtirilgan tayyor mahsulotlar hajmiga muvofiq ravishda beriladi.

Veterinariya, karantin, standartlashtirish, sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining izchil hamkorligini ta’minlash, xalqaro tajriba asosida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning to‘liq zanjirini yaratish hamda uni nazorat qilish tartib-taomillarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ishlab chiqaruvchilarga ichki bozorda munosib sharoit yaratib berish, chorva mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi 90 ta dehqon bozorida parrandachilik korxonalarining bironta savdo shoxobchasi yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Baliqchilik korxonalarining Sirdaryo bozorlarida 2 ta, Surxondaryoda 3 ta, Navoiyda 4 ta, Farg‘onada 9 ta savdo nuqtalari bor, xolos.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash uchun haftaning har jumasi “Chorvachilik kuni” deb e’lon qilindi. Topshiriqlar ijrosini muvofiqlashtirib borish va chorvadorlarga ko‘maklashishga mas’ul Respublika kengashi tuzildi.

Videoselektorda oziq-ovqat xavfsizligidan tashqari ipakchilik sanoatini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Pillachilik juda qisqa muddatda – 30-35 kunda eksportbop mahsulot olsa bo‘ladigan tarmoq. Dunyoda 20 dan ortiq pilla yetishtiruvchi mamlakat bo‘lsa, O‘zbekiston Xitoy va Hindistondan keyingi o‘rinda turadi. Lekin yurtimizning jahon bozoridagi ulushi – atigi 2,5 foiz.

Oxirgi ikki yildagi sa’y-harakatlar natijasida, xususan, yiliga to‘rt marta ipak qurti boqish hisobiga pilla hosili 19 ming tonnaga yetkazildi.

Yig‘ilishda bu tarmoqdagi bozor kon’yunkturasi tahlil qilinar ekan, mamlakatimizda katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Bundan samarali foydalanilsa, yaqin yillarda yillik eksport hajmini kamida 500 million dollarga yetkazish mumkin.

Ayni paytda, tarmoqda qator muammolar bor. Jumladan, tutzorlarning 6 ming gektari yaroqsiz ahvolda. Yana 37 ming gektarda hosildorlik 30 foizga ham yetmaydi. Yuqori ozuqaviy navlar tutzorlar va yakka qator tutlarning bor-yo‘g‘i 5-6 foizini tashkil etadi. Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilmayotgani bois ozuqa bazasi yo‘qotilmoqda.

Ipak qurti urug‘ining 80 foizi import qilingan. Yurtimizda super-elita ipak urug‘i yaratadigan yagona muassasa – Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika bazasi eskirgan.

Shulardan kelib chiqib, 2022-yil yakuniga qadar 20 ming gektar yangi tutzorlar barpo etish hamda 10 ming gektar eskirgan tutzorlarni yangilash rejalashtirilgan.

Buning uchun mavjud tutzorlar oilaviy pudrat asosida aholiga 1 gektardan 3 gektargacha bo‘lib beriladi. Pillachilik klasterlari tomonidan tutzorlarni yangilash uchun tut ko‘chatlari va mavsumda ipak qurti urug‘i tarqatiladi. Pilladan olinadigan daromad bilan bir qatorda, tutzorlar orasiga ekiladigan qo‘shimcha ekinlar ham to‘lig‘icha aholi ixtiyorida qoladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat hokimlari va tegishli idoralar rahbarlariga tutzorlar tashkil etish uchun yer ajratish, eskilarini yangilash, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Kelgusi yili pilla yetishtirish hajmini 21 ming tonnaga, 2025 yilgacha esa 30 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Super-elita va elita urug‘larini to‘liq yurtimizda tayyorlash, buning uchun urug‘chilik stansiyalarini qo‘llab-quvvatlash, tutlarni kimyoviy va biologik usullarda himoyalash, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Yana bir masala – yurtimizda pilla va ipakni ekpertizadan o‘tkazish va sifatini aniqlash bo‘yicha laboratoriyalar yo‘q. Hozirda buning uchun mahsulot xorijga jo‘natilayotgani bois korxonalar qo‘shimcha xarajat qilyapti. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi qoshida zamonaviy laboratoriya tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring