Prezident maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligiga doir yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
– Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq, – dedi Prezident so‘zining boshida. – Shu bois yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.
Ijtimoiy sohalardagi barcha sa’y-harakatlar ana shu maqsadlarga qaratilgan. Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Bu yil 60 trillion so‘m ajratilgan. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rin yaratildi.
Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti.
Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarini ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.
Ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanayapti, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti. Endi muallimlar yangi metodikalarni o‘zlashtirib, bolalarga yaxshi bilim berishi kerak. Buning uchun pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim sifatini oshirish zarur.
Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, to‘g‘ri tarbiyalash, zararli ta’sirlardan asrash ham dolzarb masalalardan.
Yig‘ilishda sohadagi har bir yo‘nalish atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi. Maktab ta’limini yangi bosqichga ko‘taradigan tashabbuslar ilgari surildi.
Avvalo, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga e’tibor qaratildi. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etildi. Nizomiy nomidagi oliygoh Milliy pedagogika universitetiga aylantirilib, uning rektori bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘ldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.
Endi bu imkoniyatlar asosida barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgartiriladi. Masalan, Termiz pedagogika instituti misolida aytganda, hozirgi fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi.
Fanlar soni maqbullashtirilib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi. Yaqin hududdagi maktablar uning amaliyot bazasiga aylantiriladi.
Institutning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda barcha professor-o‘qituvchilar chet elda o‘qitiladi. “Top-100” talik universitetlarda malaka oshirish va ta’lim xizmatlarini olish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida bo‘ladi.
Hududlardagi malaka oshirish markazlari faoliyati ham kengaytiriladi. Ulardagi professor-o‘qituvchilar AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyaning ilg‘or dasturlari asosida qayta tayyorlanadi.
Shu bilan birga, o‘rta ta’limdagi 17 ta fanning har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi. Tayanch maktab o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Keyin bu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududda 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi. Yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi boshqa muallimlarni malakasini oshirib boradi.
Bundan tashqari, universitet, markaz va maktablardan muallimlar xorijga malaka oshirishga yuboriladi.
Bugungi kunda xususiy oliygohlarga keng yo‘l ochilgan. Lekin ularda pedagogika yo‘nalishidagi talabalarning 70 foizi maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va filologiya bo‘yicha o‘qiyapti. Birortasida kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha muallim tayyorlanmaydi. Vaholanki, maktablarimizda aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchi yetishmaydi.
Shu bois, bundan buyon, xususiy oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘ladi. Ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi. Bu orqali nodavlat oliygohlarda pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinadi.
Davlat rahbari yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qitish masalasiga alohida to‘xtaldi. Farzandlarimiz juda iqtidorli ekani, faqat ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda «Prezident iqtidorli farzandlari milliy dasturi» boshlanadi, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, reytingi yuqori oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktiriladi. Bu maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini seleksiya qilib, AQShning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi «Pechak ligasi» oliygohlariga tayyorlaydi.
Bilimsevarlikka poydevor qo‘yishda maktabgacha ta’lim juda muhim. Bugungi kunda yurtimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda. Olti yoshli bolalarning 96 foizi maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olingan. Keyingi yili bu raqam 100 foizga chiqadi.
Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Buning uchun bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.
Yig‘ilishda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish chora-tadbirlari ham belgilandi.
Shu maqsadda «Barkamol avlod» maktablari, «Yoshlik» sport jamiyati va O‘quvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashtiriladi. Ular ta’mirlanib, zamonaviy yo‘nalishlarga mos jihozlanadi, xorijiy tillar, sun’iy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi yangi to‘garaklar ochiladi.
O‘quvchilar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham yangi tizim bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi «Barkamol avlod» markazlarida kamida 100 o‘rinli «Bolalar sayyohlik bazasi» tashkil qilinadi. Har yili 1 million o‘quvchi uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uyushtiriladi.
Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish – hammani o‘ylantirayotgan muammo. Shu bois, Prezident qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. U mahalliy ijodkorlarga milliy kontentlar yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi.
Shuningdek, yozgi ta’tilda yoshlarni oromgohlar va foydali mashg‘ulotlarga jalb etish, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va san’at kechalari o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter