Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

PPX xodimlari bilan «ko‘cha jangi» uyushtirganlarning 3 nafari qo‘lga olindi, yana biri qidiruvda

PPX xodimlari bilan «ko‘cha jangi» uyushtirganlarning 3 nafari qo‘lga olindi, yana biri qidiruvda

Toshkent shahri Qatortol ko‘chasida PPX xodimi va fuqarolar o‘rtasida mushtlashuv yuzaga kelgani videosi tarqalgandi. IIV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, YPX va PPX xodimlariga hujum qilgan shaxslarning 3 nafari qo‘lga olindi.

Qayd etilishicha, Matiz avtomashinasi ichida bo‘lgan 4 nafar yigitdan 2 nafari PPX xodimiga tashlanib, uning bosh qismiga urib, so‘ngra o‘tkir tig‘li qurol, ya’ni pichoq bilan hujum qilgan.

«Bizda 55-buyrug‘imiz bor. Unga ko‘ra, qurolli hujum bo‘lganda uni qaytarish maqsadida qurol ishlatish huquqiga egamiz. Tartibbuzarlar yoshligi sabab qurol ishlatmadik, og‘zaki ogohlantirdik», – deydi PPX xodimi.

Hodisada ishtirok etgan YPX xodimining ta’kidlashicha, u fuqarolarni yoshligi va qo‘shimcha kuch yetib kelgani bois sherigini otish niyatidan qaytargan.

Qo‘shimcha qilinishicha, transport vositasi tekshirilganda burunga sepadigan kuchli psixotrop moddalar aniqlangan.

Qo‘shimcha kuchlar kelgani sabab bezorilar noma’lum tarafga qarab qochgan. Xodimlardan biri janjaldan so‘ng oyog‘ida kuchli og‘riq sezgani sababli tez tibbiy yordam shifokorlariga murojaat qilgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida mazkur shaxslarning ikki nafari muqaddam sudlanganligi aniqlandi. Ulardan biri o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgani uchun sudlanib, tuzalish yo‘liga kirishiga imkoniyat berilgan edi. Unga kechasi uydan chiqishi mumkin emasligi qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, cheklovni buzib, yarim tunda ko‘cha kezishi oqibatida yangi jinoyatga qo‘l urgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (jamoat tartibini saqlayotgan xodimga nisbatan qarshilik ko‘rsatib bezorilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring