Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pensiya va nafaqalarning oshishi, «propiska» islohoti va boshqalar… 1-sentyabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishlar

Pensiya va nafaqalarning oshishi, «propiska» islohoti va boshqalar… 1-sentyabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishlar

Foto: Xabar.uz

Pensiya va nafaqalar indeksatsiyasi, «propiska» islohoti, bojxona, qurilish, ta’lim, madaniyat sohasida yangi tartiblar – shu va boshqa yangiliklar haqida «Norma» sharh tayyorladi.

Pensiya va ijtimoiy nafaqalar oshiriladi

1 sentyabrdan quyidagi eng kam miqdorlar 10%ga indeksatsiya qilinadi:

  • yoshga doir eng kam pensiya hamda bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqalar – oyiga 513 350 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar – oyiga 315 030 so‘m;
  • pensiya hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 262 470 so‘mni tashkil qiladi.

MHEKM va BHM oshirilmaydi, ular tegishincha oyiga 679 330 so‘m va 223 000 so‘m miqdorida qoldiriladi.

Nafaqa onlayn beriladi

1-sentyabrdan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida «Yagona ijtimoiy himoya reyestri» axborot tizimi joriy etiladi. Uning yordamida ijtimoiy nafaqalarni ko‘rib chiqish va tayinlash jarayonlari onlayn-rejimga o‘tkaziladi. Yil yakuniga qadar tizim butun mamlakat bo‘ylab ishga tushiriladi. 

Qanday soliq qarzi umidsiz bo‘ladi

Undirilishi umid qilib bo‘lmaydigan soliq qarzdorligini hisobdan chiqarishning yangi tartibi kuchga kiritiladi. U budjet tashkilotlari, davlat korxonalari va notijorat tashkilotlariga tatbiq etilmaydi. Hujjatda umid qilib bo‘lmaydigan soliq qarzdorligi ro‘yxati keltirilgan, qarzni umidsiz deb e’tirof etish, shuningdek uni hisobdan chiqarish va hisobga olish mexanizmi qayd etilgan.

Bojxona postlarida – «Yagona darcha»

1-sentyabrdan bojxona chegara postlarida «Yagona darcha» axborot tizimi ishga tushiriladi. U bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqtni eksport doirasida 5 baravar, import bo‘yicha esa 2 baravar tejashga imkon beradi.

Eksport temir yo‘l tashuvlariga – chegirma

1-sentyabrdan eksportchilar uchun Xorazm viloyati va Toshkent shahri o‘rtasida temir yo‘lda eksport yuklarni tashish tariflariga 50% chegirma joriy etiladi.

70 mln so‘mgacha mablag‘ni deklaratsiyasiz olib kirish va olib chiqish mumkin

1-sentyabrdan chegara orqali (olib kirish/olib chiqish) deklaratsiyalamagan holda olib o‘tiladigan naqd milliy va xorijiy valyutaning cheklangan summasi ekvivalentda 70 mln so‘mni (ilgari – ekvivalentda 2000 AQSh dollaritashkil etadi. Mamlakatdan naqd pullarni olib chiqib ketishning eng yuqori miqdori ekvivalentda 100 mln so‘mni tashkil etadi, bunda jami summa yozma tarzda deklaratsiyalanadi.

 Ro‘yxatga olish – yangi qoidalar bo‘yicha

1-sentyabrdan «propiska» tizimida bir qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi:

a) doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishda:

  • O‘zbekiston fuqarolarining ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 10 kundan 15 kungacha uzaytiriladi;
  • ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish muddati 3 kundan 1 kungacha qisqartiriladi;

b) yangi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish shart bo‘lmaydi (avtomatik tarzda amalga oshiriladi);

v) doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampi bosilmaydi;

g) harbiy xizmatga majburlarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda mudofaa ishlari bo‘limlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borish shart emas – bu onlayn amalga oshiriladi;

d) soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida ma’lumot taqdim etganda, uni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishning yangi tartibi haqida batafsil – bu yerda.

Onlayn-auksionlar modernizatsiyalanadi

2020-yil 1-sentyabrdan:

a) barcha auksion savdolari natijalari QR-kod (matrik shtrix-kod) yordamida rasmiylashtiriladi;

b) «E-IJRO AUKSION» tizimiga quyidagi yangiliklar joriy etiladi:

  • auksionda mobil ilovalar orqali ishtirok etish mumkin, ularda shaxsni mobil identifikatsiyalash mavjud;
  • davlat mulkidagi ob’yektlarni ijaraga olish ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o‘rtasida tuziladigan ikki tomonlama elektron shartnomalar bilan rasmiylashtiriladi;
  • mavjud savdo lotlari haqida batafsil ma’lumotlar beriladigan elektron katalog tashkil etiladi, u Davlat aktivlarini boshqarish agentligi saytida joylashtiriladi va davriy ravishda yangilab boriladi.

Pudratchilar – elektron reytingga

Qurilish pudrat tashkilotlarining elektron reytingi sentyabrdan joriy etiladi. Reyting soliq va statistika hisobotlari ma’lumotlari, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotlari bo‘yicha avtomatik tarzda shakllantiriladi. Reyting qurilish hajmi va ob’yektlariga qarab toifalarga tabaqalashtiriladi.

Reytingda quyidagilar aks ettiriladi:

  • ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan malakali xodimlar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, mehnatga haq to‘lash fondi va boshqa mezonlar;
  • qurilishi tugallangan ob’yektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligi va ularning bajarilishidagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha mavjud ko‘rsatmalar, boshqa mezonlar.

Davlat buyurtmasiga ko‘ra kitob nashr etish – davlat xaridlari qoidalari bo‘yicha

Endilikda davlat buyurtmasi doirasida bosma mahsulotlarni nashrga tayyorlash va chop etish davlat buyurtmalari qoidalari bo‘yicha amalga oshiriladi (qonun va nizomga qarang), ularda norezidentlar ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Mazkur tartib darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqarishga ham tatbiq etiladi, shuningdek korporativ buyurtmachilar uchun ham majburiy hisoblanadi

Tibbiy ta’limda – yangi tartib

Quyidagi o‘zgartirishlar amalga oshiriladi:

a) tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida «Tibbiy profilaktika va jamoatchilik salomatligi» fakulteti ochiladi. Bu yerda bakalavriat va magistraturada sanitariya-epidemiologik va jamoatchilik salomatligi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi;

b) Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Farg‘ona tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida falsafa fanlari doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish bo‘yicha ilmiy kengashlar tashkil etiladi.

v) akkreditatsiyadan o‘tmagan holda tibbiy-sanitariya va farmatsevtika kadrlarining kasbiy malakasini uzluksiz oshirish tizimiga quyidagilar kiritiladi:

  • tibbiyot va farmatsevtika sohasida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari;
  • o‘quv-simulyasiya markazlari, shu jumladan mobil markazlar hamda tegishli tibbiy-sanitariya mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy darajalarga ega bo‘lgan mutaxassislarga ega bo‘lgan nodavlat tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va xususiy tibbiyot muassasalari.

Maktablarda qog‘ozbozlik kamayadi

Yangi o‘quv yilidan tajriba tariqasida ayrim maktablarda qog‘oz shaklidagi hujjatlardan voz kechilib, elektron sinf jurnallari, kundaliklar, darsliklar, videodarslar, virtual laboratoriyalari va bolalarni elektron o‘qitishning boshqa vositalariga o‘tiladi.

Ta’lim xususiy – hujjat davlatniki

1-sentyabrdan litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy ta’lim tashkilotlari tomonidan kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar beriladi. Hujjat davlat standartlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilarga beriladi.

Fonogrammasiz konsert uchun zal ijarasi arzonroq bo‘ladi

Madaniyat va san’at sohasida quyidagi qoidalar joriy etiladi:

  • konsert dasturi to‘liq jonli ijroda o‘tkaziladigan bo‘lsa, davlat konsert tashkilotlari, madaniyat saroylari, boshqa muassasalarning maydonlari ijarasi uchun 50%lik chegirma beriladi;
  • Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan va ommaviy ijro etish uchun mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni xususiy teatrlarda sahnalashtirish va ijro etish mumkin bo‘ladi – mualliflik gonorarlari har yili Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;
  • davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasida «ochiq eshiklar kuni» o‘tkaziladi, muzey buyumlari va kolleksiyalarini bepul tomosha qilish mumkin.

Davlat organlari jamoatchilik oldida hisobot beradilar 

Davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo‘linmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tumanlar (shaharlar) hokimliklari jamoatchilik oldida hisobot beradilar. Ularning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron shaklda chop etiladi. Boshqa muassasalar uchun ushbu tartib hozircha tavsiyaviy tusga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz! Joriy yilda Mustaqillik kuni seshanbaga to‘g‘ri keladi, shu munosabat bilan:

  • 5 kun ishlaydiganlar uchun 29-avgust shanbadagi dam olish kuni 31-avgust dushanbaga ko‘chiriladi;
  • 6 kun ishlaydiganlar uchun 31-avgust qo‘shimcha dam olish kuni deb e’lon qilingan.

Shu tariqa, barcha xodimlar ketma-ket uch kun – 30, 31-avgust va 1-sentyabrda dam oladilar. Bu ish vaqti hisobida qanday aks ettirilishi haqida – bu yerda

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring