Rasman: 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, 1-avgustdan esa ish haqi va stipendiyalar miqdori oshiriladi

Prezidentning ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini 10 foizga oshirishga doir Farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-iyuldan boshlab pensiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari 10 foizga oshiriladi.
Bunda yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, nogironlik pensiyasi 1 million 12 ming so‘mni tashkil etadi.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m,
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m,
- oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m;
- oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha - 110 000 so‘m;
Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 000 so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, 2025-yil 1-avgustdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10 foizga oshirilishi belgilandi.
Ya’ni, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori amaldagi 1 155 ming so‘mdan 1 271 ming so‘mga oshirildi.
Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat budjeti hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, xususiy sektorda ishlovchi fuqarolarimizning ham to‘lov qobiliyatlarini rag‘batlantirish uchun ish beruvchilarga ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lash tavsiya etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter