«O‘zidan 10 yosh kichik yigit bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan» — Qashqadaryodagi voqea sababi ma’lum qilindi
Yakkabog‘ tumanida ayolni eri va uning qarindoshlari kaltaklagani haqidagi dastlabki ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 38 yoshli ayol bir nechta kishi tomonidan kaltaklanib, sochi kesib tashlangani haqida xabar berilgandi.
«Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, ayol yigitning otasi tomonidan qamchi bilan kaltaklangan.
«Jabrlanuvchining murojaatiga ko‘ra, holatni o‘rganganimizda voqea 2022 yilning 9 iyul kuni kechasi soat 23:00 atrofida sodir bo‘lgani aniqlandi. Ayol o‘zidan 10 yosh kichik yigit bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan. Bu esa o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lgan xonadon egasi va yigitning qarindoshlariga ma’qul kelmagan. Shu bois, ayol o‘sha yigit xonadoniga olib borilib, yigitning aka-ukalari tomonidan kaltaklangan», — deydi Yakkabog‘ tuman IIBning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori Dilafro‘z Mirzayeva.
Lavhada qayd etilishicha, eridan ajrashgan ayolning o‘zidan o‘n yosh kichik bola bilan ishqiy munosabati yigitning yaqinlari g‘azabini keltiradi. Ogohlantirishlar kor qilmagach, ayolni jazolashga qaror qilishadi. Uni uyiga olib kelib, oyoq-qo‘lini bog‘lab, tongga qadar kaltaklashadi.
Voqea sodir bo‘lgan «Yangi hayot» mahallasining xotin-qizlar faoli Dilshoda Umrzoqovaning ma’lumot berishicha, ayol va yosh yigitning qilmishi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgach, ularga to‘g‘ri maslahat berilgan. Ammo foydasi bo‘lmagan.
Tongga qadar kaltaklangan ayol tanishlari ko‘magida shifoxonaga olib borilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, 28 yoshli yigit va 38 yoshli ayolning munosabatiga to‘rt yil bo‘lgan.
«Menga unashtirilgan qiziga telefon qilib, uning xotini ekanimni aytishimni tayinladi. Va bu ishni amalga oshirdik», — deydi kaltaklanishiga sabab bo‘lgan voqeani izohlagan ayol.
«O‘zim chavandozman. Oldindan uyimda qamchi bo‘lgan. Ayol dodladi, ammo mening kallam qizib ketgani uchun chidab turolmadim», — deydi ayolni qamchi bilan kaltaklagan ota.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Y.E, Y.B va boshqalarga nisbatan O‘zR JKning 138-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, fuqaro Y.E. O‘zR JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgani xabar qilingandi.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter