Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbektelekom» Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish yagona markaziga press-tur (video+foto)

Bugun, 7-fevral kuni «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi o‘zining yangi «Call-markazi» — Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish yagona markazi (QXKYaM)ga tanishuv press-turini o‘tkazdi.

Jurnalistlar kompaniyaning abonentlarga xizmat ko‘rsatish va bu xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha yangicha yondashuvlari bilan tanishtirildi.

Foto: «Xabar.uz»

Ilk telefon-ma’lumot xizmati Toshkentda 75 yil burun paydo bo‘lgan — uni oddiygina qilib «09 xizmati» deb atashgan. Choragi kam bir asr muqaddam poytaxt telefon tarmog‘idan 5 mingdan ortiq abonent foydalangan. «09 xizmati»da barcha ishlar qo‘lda bajarilgan: telefonistlar stolida hozirgi chiroyli, ixcham va qulay kompyuterlar o‘rnida maxsus kartotekalar bo‘lgan, operatorlar ma’lumotlarni ana shu kartotekalardan izlab topishgan, barcha ma’lumot-axborotlar faqat qog‘ozda chiqarilgan.

Yangi ming yillikka o‘tib, aniqrog‘i, 2003-yildan operatorlarning ish joylarini avtomatlashtirish boshlandi.

2009-yil aprel oyida «Protey» kompaniyasi uskunalari asosida «09 xizmati» takomillashtirilib, barcha xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy «Call-markazi»ga aylantirildi. Natija uzoq kuttirmadi: endi statistik ma’lumotlar yaxshiroq hisobga olinadigan va tahlil qilinadigan bo‘ldi va shuning samarasi o‘laroq butun tizimning ish faoliyati yaxshilandi.

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lumot-axborot markazi negizida «Call-markazi» intellektual platformasining joriy etilishi axborot-ma’lumotlar xizmati doirasini kengaytirish va zamonaviy intellektual xizmatlarni joriy etish imkonini berdi.

QXKYaM loyihasini amalga oshirish bosqichlaridan biri — butun respublika bo‘ylab kengaytirish edi. 2014-yilda mamlakatimiz hududlarida 13 ta Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish yagona markazi tashkil etildi. Har bir hududiy Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish yagona markazi 10 ta ish o‘rniga va bir daqiqada 60 dan ziyod qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish imkoniga ega.

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbektelekom» AK Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish yagona markazi kechayu kunduz faoliyat yuritadi. «Call-markazi» o‘z abonentlari qo‘ng‘iroqlariga xizmat ko‘rsatishdan tashqari, autsorsing asosida davlat tashkilotlari, vazirliklar va yirik kompaniyalarga kelib tushadigan murojaatlarni qayta ishlash bo‘yicha ham keng miqyosda faoliyat yuritadi. Birgina misol: «O‘zbektelekom» AK «Call-markazi»ga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining virtual qabulxonasi orqali oyiga 120 mingdan ortiq murojaat kelib tushadi.

«Call-markazi» raqamlarda

  • 129 nafar xodim bilan ish boshlagan
  • Hozir 600 dan ziyod operator xizmat ko‘rsatyapti
  • 2019-yilda 13 701 085 ta qo‘ng‘iroqqa xizmat ko‘rsatildi
  • Bir kunda 40 mingdan ortiq abonentga xizmat ko‘rsatilmoqda

«O‘zbektelekom» AK 2019-yilning sentyabr oyida poytaxtdagi Qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash markazini EATs-254/255 binosidan yangi EATs-242-249 binosiga ko‘chirib o‘tkazib, uskunalarini kengaytirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazdi.

«Call-markazi» xizmatlari

  • Axborot-ma’lumotlar xizmati
  • Telefonlar ta’miri byurosi — 1086
  • Ob-havo ma’lumoti — 1001
  • Aniq vaqt — 1004
  • Virtual ofis — 71 2008080
  • Teleovoz berish
  • Autsorsing
  • Xabardor qilish
  • «O‘z hisobingizni biling» — 1058
  • Kontent-provayder xizmatlari
  • Uzonline texnik ko‘magi — 1084
  • Uzmobile texnik ko‘magi — 1099
  • Telekommunikatsiya xizmatlari uchun onlayn ariza
  • 1084, 1086, 1099 xizmatlari bo‘yicha onlayn muloqot
  • Kartalar platformasi — 71-2381717
Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbektelekom» AK Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi kechayu kunduz 6 smenada ishlaydi va bugungi kunda 600 nafardan ortiq operatorlar faoliyat ko‘rsatmoqda. «Xodimlar murojaatlar bilan ishlashga muntazam ravishda o‘rgatib boriladi, xizmat sifatini yaxshilash uchun zarur barcha texnik choralarni amalga oshiryapmiz. Shtatimizdagi psixolog doimiy ravishda xodimlarimiz bilan ishlaydi. Mijozlarimizning murojaatlarini imkon qadar tezroq hal qilishga va murojaatlarni qabul qilib, ijrosini munosib ravishda bajarishga intilamiz».

Shahnoza Shukurova,
«Call-markazi» rahbari

Press-tur davomida jurnalistlarga «Call-markazi» xizmatlari doimiy ravishda takomillashtirilayotgani, barcha biznes-jarayonlarni raqamlashtirish ishlari faol olib borilayotgani haqida so‘zlab berildi.

Xizmatlarni kengaytirish maqsadida tashabbuskor yosh xodimlardan tarkib topgan ishchi guruh tuzilgan. Guruh a’zolari yangi xizmatlarni ishlab chiqadilar va joriy etadilar, bu esa «Call-markazi»ning qo‘shimcha daromadini oshiradi.

«Call-markazi»da rejalashtirilayotgan yangi xizmatlar

  • YHXBB jarimalari haqida axborot xizmati;
  • Tibbiy bronlash xizmati.

Qisqasini aytganda, «Call-markazi»ning asosiy vazifasi — birorta ham qo‘ng‘iroqni o‘tkazib yubormasdan, mijozlarga qulay interfaol xizmatlar ko‘rsatishdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring