Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik qancha talaba Yevropaning nufuzli stipendiyasi g‘olibi bo‘lgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonlik qancha talaba Yevropaning nufuzli stipendiyasi g‘olibi bo‘lgani ma’lum qilindi

Joriy yil O‘zbekistondan 16 nafar iqtidorli talaba Yevropa Ittifoqining nufuzli «Erasmus Mundus» stipendiyasi g‘olibi bo‘ldi. Ular ko‘hna qit’aning Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Ispaniya, Niderlandiya kabi davlatlarida tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, muhandislik, siyosat va xalqaro huquq kabi yo‘nalishlarda o‘qish imkonini qo‘lga kiritdi.

Kuni kecha stipendiya g‘oliblari uchun O‘zbekistondagi Milliy Erasmus ofisi va YeIning yurtimizdagi delegatsiyasi tomonidan tanishuv uchrashuvi tashkil etildi.

«So‘nggi besh yil ichida 72 nafar O‘zbekiston yoshlari «Erasmus Mundus» stipendiyalari g‘olibi bo‘ldi. Chet elda o‘qish global iqtisodiyotda muvaffaqiyat kaliti bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston va YeI sizlardek sayohat qiladigan, dunyoni kashf etadigan va hamkorligimizni rivojlantiradigan yosh, yorqin, o‘qimishli va fidoyi zamondoshlarga umid bog‘lamoqda», – dedi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrian xonim tadbirdagi nutqida.

Tadbir davomida stipendiya g‘oliblari «Erasmus+»ning boshqa dasturlari va afzalliklari bilan tanishdilar, tarmoq resurslari, tadqiqotlar va moliyalashtirish imkoniyatlari haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar hamda dastur bitiruvchilarining maslahatlarini tingladilar. Shuningdek, ko‘p madaniyatli muhitda yashash bo‘yicha treningdan o‘tdilar.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2021-yilgi «Erasmus+» xalqaro tanlovida dunyoning 167 mamlakatidan 12271 nafar yoshlar g‘oliblik uchun kurashdi. O‘zbekistondan esa tanlovga 90 ta ariza yuborildi. Kuchli raqobat ruhida kechgan tanlov yakunida 2756 nafar iqtidor egasi g‘olib deb topildi. Endilikda ular YeI va butun dunyo universitetlarida qo‘shma magistrlik dasturlarida tahsil oladilar.

«Erasmus+» – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YeI dasturidir. Unda barcha yoshdagi nomzodlar ishtirok etishi mumkin. Mazkur qo‘shma magistrlik tahsil doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, 1000 yevro miqdorida oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi. Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.

Rasmiy Bryussel ta’lim dasturi uchun ajratilgan mablag‘ni ko‘paytirib bormoqda. 2014-2020-yillarda «Erasmus» dasturi budjeti 14,7 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-2027-yillarda ushbu maqsadda 26,2 milliard yevro sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring