O‘zbekistonda MTTlarga homiylik qiluvchilarga soliq imtiyozlari joriy etildi
2019-yilning 3-oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat MTTga homiylik shaklida xayriya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari belgilandi. Xayriya yordami foyda solig‘i, QQS va YaST miqdorini kamaytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-oktyabrdagi 839-sonli qarori bilan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga homiylik shaklida xayriya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari belgilandi. Ushbu turdagi davlat-xususiy sheriklik shartnomasi kamida bir yil muddatga tuziladi va tanlangan MTTga muntazam ravishda xayriya yordamini ko‘rsatishni ko‘zda tutadi.
«Bugungi kunda maktabgacha ta’lim sohasi katta sarmoyalarni talab etadi. Maktabgacha ta’lim vazirligi budjet mablag‘larini yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish, eski binolarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, bolalarni o‘yinchoqlar va o‘quv materiallari bilan ta’minlash singari eng dolzarb masalalarni hal etishga yo‘naltiradi. Biroq, barchasini birdaniga tuzatish uchun imkoniyatlar yetarli emas, shu sababdan biznes tomonidan qo‘llab-quvvatlash biz uchun muhimdir. MTV xayriyachilar mablag‘lari hisobidan alohida ehtiyojga muxtoj bolalar uchun reabilitatsiya markazlari va aralash guruhlarga ega inklyuziv MTT singari ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni amalga oshirmoqda. Umid qilamizki, soliq imtiyozlarning taqdim etilishi O‘zbekistonda xayriya faoliyati uchun samarali rag‘bat bo‘ladi. Soliq imtiyozlaridan tashqari, xayriya kompaniyasi o‘z xodimlarining farzandlarini homiylik qiladigan MTTga yo‘naltirishda ustunlikka ega bo‘ladi. Yordam pullik bo‘lishi shart emas: homiylik ostidagi maktabgacha tashkilotga mol-mulk berishingiz, uning uchun ishlarni bajarishingiz, xizmatlar ko‘rsatishingiz mumukin. MTTga yordam berish orqali siz nafaqat davlat, balki jamiyat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadigan bolalaringizga yordam berasiz», — dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.
2019-yil 3-oktyabrdan boshlab davlat MTTga homiylik shaklida xayriya faoliyatini amalga oshiradigan xayriyachilar quyidagi soliq imtiyozlariga ega bo‘ladilar:
- yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini hisoblashda xarajatlar chiqarib tashlanadi;
- tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tekin berish QQS va YaSTga tortilmaydi;
- tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tannarxidan past narxda sotishda amaldagi sotish narxidan kelib chiqqan holda QQS hisobga olinadi.
Xayriyachi xayr-ehson qilish maqsadi va tartibini o‘zi belgilaydi. Homiylik ostidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti olingan mablag‘larning hisobini yuritishi va xususiy sherikka pul va mulkdan maqsadli foydalanilishi to‘g‘risida muntazam ravishda hisobot yuritishi shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter