O‘zbekiston — Qozog‘iston: Har ikki davlat uchun manfaatli muloqot tashkil etildi
Kuni kecha Toshkent shahridagi Amiti universitetida «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» rahbariyati Qozog‘iston Respublikasi raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoat vazirligining birinchi vitse-prezidenti Anuar Axmetjanov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, bugungi kundagi muhim masalalarni muhokama etishdi.
Samimiy ruhda boshlangan muloqotda «Elektron hukumat» vakillari mehmonlarni «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, jumladan, elektron hukumat loyihalari bilan tanishtirdilar. Shuningdek, ular aniq tasavvurga ega bo‘lishlari uchun ayni vaziyatdagi jarayonlar to‘liq tushuntirildi.
O‘z navbatida Qozog‘iston delegatsiyasi ham elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha tajribalari bilan qisqacha o‘rtoqlashdilar.
Qayd etilishicha, ko‘p yillik va bu sohadagi keng ko‘lamli ishlari tufayli qo‘shni Qozog‘iston davlati hozirgi kunda BMTning elektron hukumat reytingida dunyoda 29-o‘rinni egallab turibdi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va respublikaning Raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoat vazirligining quyi tashkilotlari o‘rtasida raqamlashtirish hamda elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Qozog‘istonning «Zerde» Milliy infokommunikatsiya xolding aksiyadorlik kompaniyasi va «Milliy axborot texnologiyalari» OAJ bilan. Tomonlar hamkorlikning o‘zaro manfaatli shakllarini ko‘rib chiqishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.
Har ikki davlat uchun manfaatli kechgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Toshkentdagi Amiti universiteti vakillari ham ishtirok etishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter