«O‘zbekiston 24» jurnalisti: Odamlardan telekanalimiz haqida so‘raganimda «biz u kanalni tomosha qilmaymiz» degan javobni eshitsam, xo‘rligim keladi...
«Kun.uz» sayti «O‘zbekiston 24» telekanali jurnalisti Mavjuda Mirzayeva bilan telejurnalistikadagi muammolar yuzasidan intervyuni e’lon qildi.
«Biz zamondan keskin orqada qolyapmiz»
– «O‘zbekiston 24» telekanali o‘z nomi va mavqei bo‘yicha mamlakatimizning eng tezkor va keng qamrovli axborot uzatuvchisi bo‘lishi kerak. Ammo amalda bu nomga loyiq ish ko‘rilmayapti. Biz axborot taqdim qilishda boshqalardan ancha kech qolyapmiz. Mana oddiy misol – Toshkent hokimligi tomonidan investorlar bilan keng qamrovli loyiha boshlandi. Unga ko‘ra, o‘zining biznes-rejalarini taqdim etgan va tasdiqdan o‘tgan investorlarga yer maydonlari berilishi rejalashtirilgandi. O‘sha g‘olib bo‘lgan investorlar aniqlandi. Ularga yer-maydoni tantanali ravishda topshiriladigan bo‘ldi. Men shu tadbirni yoritish maqsadida rahbariyatdan ruxsat so‘rashga kirsam, birinchi savol «Shu tadbir yoritilishi so‘ralgan xat bormi?» bo‘ldi. Endi o‘ylab ko‘ring, bu xatni kim jo‘natishi kerak? Hokimmi, investormi? Men xorijiy investorga borib, «Biz loyihangizni telekanalimizda yoritmoqchimiz, xat qilib bering» deya olamanmi? Xorijlik «Bu qanaqa yangilik izlash usuli?» deb hayron bo‘lmaydimi?
Eng muhimi – o‘sha xatni ham olib keldim deylik. U ma’muriyatga topshiriladi, bir necha kishi tasdiqlaydi. Shundan keyingina navbati bilan guruh shakllantirilib, joylarga chiqariladi. Axir ungacha har qanday tadbir o‘tib ketgan bo‘ladiku!? Ko‘pincha biz eskirgan axborotni tiqishtirishga urinyapmiz.
Odamlardan telekanalimiz haqida so‘raganimda «biz u kanalni tomosha qilmaymiz» degan javobni eshitsam, xo‘rligim keladi...
«Tashabbuslarga e’tibor yo‘q»
– O‘ylashingiz mumkin, nega o‘zingiz biror narsani o‘zgartirmayapsiz, deb. Harakat qilganman, lekin eskicha ishlash tizimi shunchalar singib ketganki, ancha-munchaga o‘zgartirish qiyin. Axir prezident, xalqimiz bizdan tezkor va xolis yangiliklar talab qilyaptiku? Biz kechikkanimiz yetmaganday, yana yaltiroq axborot tarqatishda davom etyapmiz. Hanuzgacha tayyorlagan lavhamiz har qancha silliq bo‘lmasin, bir necha kishi tomonidan ko‘rib tasdiqlanishi kerak bo‘lmoqda. Agar ular nimadir ish bilan band bo‘lib qolishsa, lavha eskirib yotaveradi. Ne ajabki, so‘z erkinligi to‘g‘risida jar solamiz, ammo hamon senzura bor.
Bir necha marta o‘ziga xos loyihalar tayyorlagandim, ammo hech kimni qiziqtirmadi.
«Biz tomoshabinni aldayapmiz»
Yana bir holat borki, unga ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Kasb taqozosiga ko‘ra ko‘plab xorijiy investorlar bilan intervyular tayyorlaymiz. Ammo ular aytgan gaplari keskin o‘zgartirib yuboriladi. Masalan, xorijlik mehmon o‘zining O‘zbekistondagi faoliyatida duch kelayotgan muammolar haqida gapirsa, ularning yechimini kutayotganini aytsa, biz tarjimada «O‘zbekistondagi ulkan islohotlardan hayratdaman...» mazmunida o‘qib yuboramiz. Axir bu tomoshabinni, o‘z xalqimizni aldash emasmi?! Odamlar bilmaydi, deb o‘ylaymiz. Ammo bugunning odamlari hamma narsadan boxabar. Ular internetni, boshqa axborot manbalarini kuzatib borishadi. Bizning yolg‘onlarimizni ko‘rib-bilib turishadi va ustimizdan kulishadi.
«Ishdan haydalishdan qo‘rqmayman»
– Savolingiz o‘rinli. Shuncha gapni oshkor qilgandan so‘ng men u yerda ishlay olamanmi? Lekin men bu gaplarim uchun ishdan bo‘shatib yuborishlaridan qo‘rqmayman. Qo‘limda qalamim bor, ishimni topib keta olaman. Lekin bu hol davom etishini – zamondan ortda qolishimiz, eskicha ishlashimiz, yolg‘on va yaltiroq axborotlar tayyorlashimizni vijdonim ortiq qabul qila olmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter