Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIVdan bayonot bo‘lgunicha Sirdaryoda «missiya» ado etildimi?!

IIVdan bayonot bo‘lgunicha Sirdaryoda «missiya» ado etildimi?!

Foto: «Human.uz»

Bugun Sirdaryoda «Human.uz» sayti muxbirlari IIB xodimlarining navbatdagi bosimiga uchragani haqida xabar bergandik.

Sardoba falokati ortidan uy-joylaridan evakuatsiya qilingan odamlar bilan gaplashib, sharoitlari haqida reportaj tayyorlashga kirishgan jurnalistlar faoliyatiga shu yerdagi ichki ishlar xodimlari ochiqdan-ochiq aralashib, tasvirchini (kamerasi bilan) olib ketishgandi.

Sayt muxbiri Mavjuda Mirzayevaning aytishicha, tasvirchi 10-15 daqiqadan so‘ng qo‘yib yuborilgan, biroq Sirdaryo olimpiya zaxiralari kollejida olingan tasvirlar ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘chirib yuborilgan.

«Sirdaryo olimpiya zaxiralari kollejiga 400 nafarga yaqin odam joylashgan ekan. Ularning kayfiyati, shart-sharoitlarini bilish, intervyular olish uchun kirdik. Yaxshi intervyular oldik, bolalar she’rlar aytib berishdi. U yerda xavfsiraydigan biror ish bo‘lmadi. Biz bilan mashhur opera xonandasi Jenisbek Piyazov ham bor edi. «Qo‘shiq aytib, odamlarning kayfiyatini ko‘tarib kelasiz», degan maqsadda uni ham o‘zimizga hamroh qilgan edik. Keyin bizning odamlardan bemalol intervyular olib yurganimiz kimgadir yoqmagan ko‘rinadi. Ma’lum bo‘lishicha, Guliston hokimi topshirig‘i bilan videotasvirlar o‘chirib yuborilgan», — deydi Mavjuda Mirzayeva.

Sirdaryoda jurnalistlar faoliyatiga IIB xodimlari ochiqdan-ochiq aralashib, bosim o‘tkazayotgani haqida xabar berilganidan ko‘p o‘tmay Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi holat yuzasidan bayonot berarkan, tizim ommaviy axborot vositalari uchun doimo ochiqligi va ularning faoliyatiga to‘sqinlik yo‘qligini ta’kidlab, «Human.uz» portali jurnalistlari bilan bog‘liq holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilajagini aytgandi.

Aftidan, Toshkentdan jimjimador bayonot yangragunicha Sirdaryo IIB xodimlari o‘z zimmasiga yuklatilgan «missiya»ni «sharaf bilan ado etib» bo‘lgan ko‘rinadi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring