Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston 24» telekanalini tanqid qilgan ikki jurnalist ishdan ketdi

«O‘zbekiston 24» telekanalini tanqid qilgan ikki jurnalist ishdan ketdi

«Futbol plyus» dasturi mualliflari — Bobur Akmalov, Jamoliddin Bobojonov va Xayrulla Hamidov.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Sport» telekanali xodimlari — bosh rejissyor Jamoliddin Bobojonov va 1-toifali muharrir Bobur Akmalov 22-may kuni o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan, deb xabar bermoqda «Daryo».

«MTRK rahbari Alisher Xadjayevning munosabati e’lon qilinganidan so‘ng, u yerda hech qanaqasiga ishlashni davom ettirib bo‘lmasdi. Munosabat e’lon qilinganidan so‘ng, ishdan bo‘shash haqida qat’iy qarorga kelib bo‘lgandim», — dedi Bobur Akmalov.

Bobur Akmalov ayni vaqtda «Oriat Dono» radiokanalida ham ishlardi — u radiodagi faoliyatini bundan keyin ham davom ettiradi. Jamoliddin Bobojonov esa mehnat faoliyatini internet-nashrlardan birida davom ettirishi kutilmoqda. Qayd etish joiz, Bobojonov «Sport» telekanalining tashkil etilishida qatnashgan tajribali xodimlardan biri edi, — deb yozadi nashr.

Voqea tarixi

Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonov, UzReport va Futbol TV telekanallari sharhlovchisi Xayrullo Hamidov bilan birga, har dushanba kuni «Oriat Dono» radiokanalida «Futbol plyus» mualliflik dasturini olib borar edi. Dasturning 18 may sonida ishtirokchilar «O‘zbekiston 24» telekanalida Sardoba falokatining yoritilishi va O‘zbekistonda karantin tartibi yumshatilishining o‘ziga xosliklari haqida qisqacha fikr bildirib o‘tgan.

«Bizda qog‘ozda va «O‘zbekiston 24» kanalida hamma narsa zo‘r, lekin hayot butunlay boshqa narsani ko‘rsatyapti... «O‘zbekiston 24» kanalini ko‘rib, sardobaliklar shu suv toshganidan ham xursand ekan, deb o‘ylab qoldim», — degan Jamoliddin Bobojonov. «Menda ham shunaqa fikr tug‘ildi», — deb Bobur Akmalov uning fikrini ma’qullab, uyini suv bosgan odamlarning bunday xushkayfiyatda ko‘rinishi g‘ayritabiiy ekanini ta’kidlagan. Aynan shu lavha 19—21-may kunlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaladi.

21-may kuni ushbu lavha yuzasidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rahbari Alisher Xadjayevning munosabati paydo bo‘ldi («Gazeta.uz»ning yozishicha, u o‘z munosabatini dastlab Facebookdagi sahifasida e’lon qilgan, so‘ng o‘chirib tashlagan). Xadjayev o‘z chiqishida Jamoliddin Bobojonov va Bobur Akmalovning ta’kidlarini «mutlaqo asossiz va noo‘rin tanqidiy fikrlar» deb atagan va ularning «Sport» telekanalida egallab turgan lavozimlariga loyiqligini shubha ostiga olgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring