«Otabek Umarovning sog‘ligi masalasi ko‘proq siyosiy qolipga ko‘chirilayapti» — deputat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekiston so‘nggi yillarda erishgan, ko‘pchilik tan oladigan natijalardan biri — axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, davlat organlarining ochiq va jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish yo‘lidagi real qadamlar bo‘lganini qayd etdi.
Uning aytishicha, bu o‘zgarishlar prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va davlat boshqaruvi apparati kursini jamoatchilik fikrini tinglash, o‘zaro muloqot prinsipiga yo‘naltirishga qaratilgan qat’iy pozitsiyasi bilan bog‘liq. Bu kurs o‘zgarmadi va qat’iy turibdi.
«Afsuski, so‘z va axborot erkinligi jamiyat taraqqiyoti uchun qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, turli maqsadlardagi boshqa shaxslarning ham faol fuqaro qiyofasida o‘z rejasini amalga oshirishda qulay vositasiga aylanadi. Chunki axborot orqali butun bir jamiyatni boshqarish mumkin.
Va, afsuski, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonga doir ayrim tarqatilayotgan axborotlar maqsadi ham bizda havotirli savollar paydo qilmoqda.
Eng yomoni, bu harakatlar aynan so‘z erkinligini ta’minlashda siyosiy irodasida qat’iy turgan muhtaram Prezident va ularning oila a’zolari bilan bilvosita bog‘lashga urg‘u berilayotgani eng kamida ushbu mamlakat va xalqqa do‘st bo‘lmagan kishilarning urinishi ekanligini ko‘rsatmoqda. Maqsad — obro‘sizlantirish.
Qizig‘i, bu ishlar O‘zbekistonda ayni saylov yilida kuchayayotgani «mashina» o‘z maqsadi yo‘lida faol ishlayotganini anglatadi», — deb yozadi deputat.
Rasul Kusherbayev axborot tarqatishda chegara va makon tushunchasi yo‘qolib borayotgan bir vaqtda har qanday axborot ketidan ishonib ketaverish jamiyatni manipulyasiya qilinayotganini anglatishini aytadi.
«Biz buni yaxshi anglab turibmiz.
Hurmatli Otabek Umarovning sog‘ligi masalasi ham, afsuski, so‘nggi vaqtlarda ko‘proq siyosiy qolipga ko‘chirilayapti? Ochig‘i tushunmayapman: bir kishining avtohalokatga uchrashi va davolanishi shunchalar g‘ayritabiiy xodisami. Bu holatga har kim ham tushishi mumkin. Lekin bu voqealarga ham vahimali va siyosiy tus berilishi oddiy o‘quvchiga tushunarsiz bo‘lsa, biz uchun aniq maqsad yo‘lidagi harakat bo‘lib ko‘rinayapti...
Bilmadim, lekin men bu o‘rinda u kishiga sog‘liq tilagan bo‘lardim. Har qalay hammamiz ham issiq jon: kimgadir farzand, ota, ona, aka, uka jondoshmiz», deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov 13 fevral, shanba kuni mototsiklni boshqarayotib, Toshkentning Mustaqillik shoh ko‘chasida, «Pushkin» metro bekati yaqinida Epica rusumli avtomobil bilan to‘qnashib ketgani tafsilotlari ma’lum qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter