Ommaviy ocharchilik G‘azo qurbonlarini ko‘paytirishi mumkin – BMT
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi rasmiysi G‘azo sektoridagi muhtojlarga yordam yetkazishda yondashuvni o‘zgartirishga chaqirib, yaqin orada sektorga ommaviy ocharchilik xavf solayotganidan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, Isroil o‘tgan yilning oktyabr oyida HAMAS qarshi hujum boshlaganidan beri G‘azo aholisining 85 foizi ko‘chirilgan va 2 millionlik Falastin anklavining deyarli butun aholisi ochlikdan aziyat chekmoqda.
«G‘azoda deyarli hamma tashqaridan keladigan yordamga bog‘lanib qolgan. Biroq oziq-ovqat ta’minoti juda cheklangan, ko‘pchilik ochlik yoqasida. Jahon oziq-ovqat dasturi BMTning boshqa agentliklari bilan birgalikda yaqinda gumanitar yordamdan osonroq va tezroq foydalanishga chaqirgan edi.
Qo‘shma bayonotda, G‘azodagi falastinliklarga yetarli miqdorda yuklarning yetib borishi uchun kirish yo‘llarini kengaytirish va har kuni ko‘proq yuk mashinalarining chegara punktlaridan o‘tishi kerakligi ta’kidlandi», – deb yozadi Euronews muxbiri Jorja Orlandi.
Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktorining o‘rinbosari Karl Skau «vaziyat haqiqatdan ham nihoyatda keskin, hatto umidsiz» ekanini, qariyb 2,2 million kishi oziq-ovqat yordamiga muhtojligini bildirgan.
«Mamlakat aholisining to‘rtdan bir qismi – 500 ming kishi halokatli vaziyatda. Bizning yordamimiz eng zaif qatlamlarga yetib borishida umidli o‘zgarishlar kuzatilmasa, yaqin orada g‘azoliklarga umumiy ocharchilik xavf soladi», – deydi BMT vakili.
Ta’kidlanishicha, urushdan oldingi davr bilan solishtirganda, G‘azoga har kuni kirib kelayotgan yordam yuk mashinalari soni 500 dan 30 tagacha kamaygan.
Karl Skau, shuningdek, ommaviy ocharchilik G‘azoda allaqchon 25 ming kishidan oshgan urush qurbonlari sonini oshirishi mumkinligini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter