Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olampanohning tushi, «tasdig‘ini topmagan» pedofiliya va g‘ofil bandalar

Olampanohning tushi, «tasdig‘ini topmagan» pedofiliya va g‘ofil bandalar

«Oloviddinning sehrli chirog‘i» filmida bir lavha bor. Olampanoh g‘alati tush ko‘rganini aytib, donolar donosidan ta’birini so‘raydi. Javobni eshiting: «Haqiqatan, tush o‘ng emas, ammo o‘ng ko‘rgan tush bo‘lishi mumkin. Tush aslo o‘ng bo‘lmas, o‘ng tush bo‘lmas. Tush bilan o‘ng, o‘ng bilan tush ham, hammasi bir bo‘lib, tush ham o‘ng emas... tush bilan... Bari bir go‘r. Ana!»

Jamoatchilik orasida «amaldor pedofillar» deyilayotgan ikki mansabdorning qilmishi bilan bog‘liq sud hukmi va unga aloqador matbuot anjumani ham yuqoridagi ertak-film voqeasiga o‘xshash bo‘ldi.

Sud hukmi tafsilotini keltirib o‘tamiz.

«Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha appelyasiya instansiyasining 2023-yil 3-noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022-yil 6-sentyabrdagi hukmining A.M. va A.Q.ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A.M va A.Q. Jinoyat kodeksining oldingi tahriridagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi», deyiladi unda.

Bu xabar ijitimoiy faollar o‘rtasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqqa yozgan ham yozdi, yozmagan ham!

Toshkent shahri Mirobod tumanida 18 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan 26 yoshli yigitning sud tomonidan 10 yilga ozodlikdan mahrum etilganini esga olindi. Ha, savol tug‘ilishi tabiiy, albatta! To‘g‘ri, bu ham jinoyat, ammo mansabdorlar va oddiy yigit o‘rtasida tafovut bo‘lganidek, 10 yil bilan 3 yil o‘rtasida ham yaxshigina farq bo‘lsa kerak?.. Har qanday qonun yoki kodeksni titkilab ko‘rmang, bu yerda oddiy mantiq baribir ustunlik qiladi.

Xullas, hukmda qayd etilganidek, ikki mansabdor... jinsiy aloqa qilishda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.

Ammo eng ajabtovur holat keyin, matbuot anjumanida bo‘ldi. Unda aytildiki, «sudda har ikki mansabdorning harakatlarida zo‘rlik, qo‘rqitish, jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish va shu orqali ular bilan jinsiy aloqa qilish holatlari o‘z tasdig‘ini topmagan».

Ajabo, bu ikki mansabdor aybdormi yoki aybdor emasmi? Agar sud hukmida aytilganidek, «aybli» bo‘lsa, nega o‘n yilga qamalmadi? Agar, matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, aybi bo‘lmasa, nima uchun sud zalidan qamaldi, uch yildan «kesildi»?

Bu hali hammasi emas. Mehribonlik uyining «qo‘shmachi» rahbari yodingizdami? Bu opaxon besh yildan ko‘p muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Demak, matbuot anjumanida aytilganidek, har ikki mansabdorning «jinsiy aloqa qilish holatlari o‘z tasdig‘ini topmagan» bo‘lsa, bu opaxon ham jinoyat qilmagan, navnihol qizlarni ularga qo‘shqo‘llab tutqazmagan bo‘lib chiqar ekan-da! Endi mazkur ish ham ko‘rib chiqiladimi? Yoki yopiqlik qozon yopiqligicha qolaveradimi?.. Umuman aytganda, ehtimol, bu ish allaqachon ko‘rib ham chiqilgandir, opaxon uyida choy ichib o‘tirgandir? Biz, g‘ofil bandalar esa bexabar qolgandirmiz? Axir, devorlar ortida nimalar bo‘lmaydi!

Savollar, savolllar...

Javobi esa o‘sha-o‘sha: tush o‘ng bo‘lmas, o‘ng tush bo‘lmas!

Anvar Namozov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring