Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Novator shoir Safar Olloyor ijodining yana bir siri ochiqlandi

Novator shoir Safar Olloyor ijodining yana bir siri ochiqlandi

Milliy ozodlik va istiqlol tuyg‘usi ijodkorlarimizga ko‘tarinki ruh baxsh etdi. Natijada zamonaviy o‘zbek she’riyatida bir necha yangi she’riy janrlar vujudga keldiki, bu borada novator shoir Safar Olloyorning alohida o‘rni bor. Chunki u asos solgan «zarbuldoston», «qo‘shsatr», «eshsonetlar», «uchshoda» va «qo‘shshoda» deb nomlangan original she’riy janrlar xalqimiz tomonidan xushnudlik bilan qabul qilindi: ayni paytda o‘nlab shoirlar bu janrlarda qalam tebratmoqda.

Ta’kidlash joizki, shoir ketma-ket uchta – 31,5 (504 sahifalik), 33 (528 sahifalik) va 41 (656 sahifalik) bosma taboqli tanlangan asarlar to‘plamlarini hali e’lon qilinmagan yangi she’rlaridan tuzdi. Bu hol shu paytgacha adabiyotda uchramagan favqulodda ijodiy hodisa sifatida baholanmoqda. Biroq u ijodiy kashfiyotlarini sir saqlashi bilan ham mashhur. Masalan, «qo‘shshoda»sidan biron namunani haligacha e’lon qilmadi. Ilgari «eshsonetlar»ini ham to «Qalb saltanati» (2-jild) saylanmasida nashr etilguniga qadar hammadan sir tutgandi.

Mana, yaqinda novator shoirning «Mangulik guli» nomli 3-jild tanlangan asarlar to‘plami nashrdan chiqdi. Shoir o‘z ijodiy an’analarini davom ettirgan holda, ushbu to‘plami orqali jahon she’riyatidagi eng nafosatli sonet janrida, shu bilan birga, o‘z kashfi – «uchshoda» deb nomlangan yangi turkiy nomdagi lirik janrda dilbar falsafiy-tasavvufiy lirikasini adabiyot muhiblariga taqdim etgan: jahon she’riyatida kuzatilmagan 19 xil turoqda bitilgan 18 ta sonetlar guldastasi, ayniqsa, bir juft sonetlar qo‘shguldastasi; yana 19 xil turoqdagi 19 ta uchshodalar guldastalari Safar Olloyorning ushbu to‘plamiga noyoblik yorlig‘ini zarb etgan.

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD), Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi Quvonchbek Mamiraliyev ushbu kitobga yozgan «Davrimizning novator shoiri Safar Olloyor ijodida ajib falsafiy-tasavvufiy ifoda va janriy-uslubiy izlanishlar tajalliysi» sarlavhali so‘ngso‘zida shunday e’tirof etadi: «Kezi kelganda zimdan ta’kidlash kerakki, davrimizning novator shoiri Safar Olloyor o‘zi kashf etgan yangi she’riy janrlari bilan o‘zbek she’riyatining ham shakliy-uslubiy, ham g‘oyaviy-estetik jihatlardan yangi zamonga hamnafas tarzda yuqori sur’atlarda takomillashib borishiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelmoqda. Zero, original yangi she’riy shakl va janrlarning paydo bo‘lishi o‘zbek she’riyatining tobora yangilanib borayotganligini ko‘rsatib turibdi...

Ilgari she’riyatda uchramagan, faqatgina o‘z kashfiyotlariga xos she’riy shakliy izlanishlar qilib charchamaydigan atoqli shoir Safar Olloyorning ijodiy yutuqlari o‘zbek lirikasida o‘zining siljimas o‘rnini topishiga, shu bilan birga, Sharq va jahon she’riyatiga dadil kirib borishiga umid qilaman. Bu borada iste’dodli novator shoirimizga tolmas kuch-quvvat va ana shu ko‘zlangan yuksak mezonlar darajasidagi ijodiy barkamollik tilayman.»

Darhaqiqat, Safar Olloyor o‘z ijodiy laboratoriyasidan mutlaqo yangi va ohorli falsafiy-tasavvufiy sonetlar va uchshodalarning har biridan 19 tadan she’riy guldastalarni mazkur kitobi orqali muxlislari va she’riyat shinavandalariyu sinchkov mutaxassislar e’tiboriga havola etadi. Jahon she’riyatida ham hali bunchalik ko‘p she’riy guldastalar yozilmagan. Chunki bu turdagi she’riy san’at juda murakkabligi bilan alohida ajralib turadi.

Eslatib o‘tamiz, «novator shoir Safar OLLOYoR jahon adabiyotida salmoqli salohiyat  egallab kelayotgan sonetdan ham ikki satr ixcham – adabiyotda turkiy lison istilohidagi «UChShODA» nomli yangi she’riy janrga asos soldi» degan xabar «Yangi she’riy janrga asos solindi» nomli sarlavha bilan 2021 yil 12 fevralda e’lon qilingan edi. Ko‘rinadiki, muallif 330 ta uchshodalarini to‘rt yildan ortiq muddat davomida sir saqlab kelgan. Sababi bizga noma’lum.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring