Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noqonuniy tamaki bozorini o‘rganishda qanday uslublar va texnologiyalar qo‘llaniladi? – Ekspert javob beradi

Noqonuniy tamaki bozorini o‘rganishda qanday uslublar va texnologiyalar qo‘llaniladi? – Ekspert javob beradi

Mamlakatimizdagi noqonuniy tamaki bozorini o‘rganishda qanday texnologiyalar qo‘llaniladi? Kontrabandani aniqlash va uning hajmini tahlil qilishda mutaxassislar qanday uslublardan foydalanadilar, o‘z ishlarida qanday qiyinchiliklarga to‘qnash kelmoqdalar?

Shu va boshqa masalalarda noqonuniy bozorni har oy tadqiq qilishga bosh qo‘shgan TDIU fan va innovatsiyalar departamenti boshlig‘i Sanjar Mirzaliyev savollarga javob berib o‘tdi.
 
– O‘zbekistonda noqonuniy sigaretalar bozorini tadqiq qilish uchun qanday uslubiyotdan foydalaniladi?
– Noqonuniy tamaki mahsulotlarining hajmini o‘rganish uchun bir qator uslubiyotlar bizga ma’lum. Iste’molchilar orasida anketa-so‘rovnomalar o‘tkazish, sotuv shoxobchalarining monitoringi va kuzatuvini amalga oshirish, ekspertlar fikrlarini umumlashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tegishli ma’lumotlarni to‘plash, iste’molchilar bilan uchrashib, ulardan sigareta qutilarini yig‘ib olish yoki chekilgan bo‘sh qutilarni yig‘ish kabi uslublar shular jumlasidandir. Mazkur tadqiqot aynan chekilgan bo‘sh qutilarni yig‘ib tahlil qilish metodikasiga asoslangan.
  
– Tadqiqotni o‘tkazishda qanday qiyinchiliklar yuzaga keladi?

– Tadqiqotni amalga oshirishda uch xil ko‘rinishdagi qiyinchiliklarga duch keldik: hududiy, mavsumiy va ob-havo. Jumladan ba’zi chekka hududlarga borish va u yerda sigaret qutilarini topish ayrim hollarda qiyinchilik tug‘dirdi.  Jumladan,  Surxondaryo viloyati Boysun va Sariosiyo tumanlari,  Jizzax viloyatinig Baxmal, Zomin tumanlaridagi tog‘li hududlarda joylashgan aholi punktlarida bo‘sh sigareta qutilarini yig‘ish oson bo‘lmadi. 

Bundan tashqari, katta shaharlarda obodonlashtirish bo‘linmalari tomonidan shahar tozaligiga jiddiy e’tibor berilishi,  ko‘chalarda tez-tez supirish ishlarining olib borilishi bizga ushbu tadqiqotni amalga oshirish va qutilarni to‘plash jarayonida e’tiborga olinishi zarur bo‘lgan omil sifatida namoyon bo‘ldi. 

Bu yil mart-aprel oylariga to‘g‘ri kelgan ramazon oyida ham O‘zbekiston bo‘ylab aholi tomonidan tamaki mahsulotlarining iste’moli keskin kamayganining guvohi bo‘ldik. Shu sababli bo‘sh sigaret qutilarini topib, terimni amalga oshirish ayrim hududlarda qiyinchilik tug‘dirdi.

Bundan tashqari, ob-havo, jumladan yomg‘irli kunlarda qutilarning ho‘llanib qolishi, qishda esa qor ostida qolishi grafigimiz o‘zgarishiga olib keldi.
 
– Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi umumiy vaziyat qanday? Mamlakatning qaysi hududlarida holat boshqalarga qaraganda yaxshiroq yoki yomonroq?

– O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida noqonuniy tamaki mahsulotlarining ulushi 15% atrofida, Toshkent shahrida 17%, Farg‘ona vodiysida 40% atrofida ekanligi tadqiqotlarimiz davomida aniqlandi.
 
– Fikringizcha, O‘zbekistonda noqonuniy sigaretalar savdosiga qanday ijtimoiy-iqtisodiy omillar ta’sir ko‘rsatadi?

O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga turtki bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy omillar qatorida aksiz markasi bo‘lmagan tamaki mahsulotlarining narxi,  ayrim hududlardagi aholi daromadlarining pastligi, noqonuniy tamaki haqida aholining to‘liq ma’lumotga ega emasligi, tamaki bozorini samarali nazorat qilish va tartibga solish mexanizmlarining ayrim hollarda samarasiz ishlayotganligini keltirib o‘tish mumkin.

– Noqonuniy sigaretalar savdosi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Uzoq muddatli istiqbolda u mamlakat uchun anday potensial oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin?

– Kontrabanda ijtimoiy ahamiyatga ega sohalar – sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarni moliyalashtirishning muhim manbasi bo‘lgan davlat budjeti daromadlarini kamaytiradi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina 2023 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda tamaki sanoatidan tushishi mumkin bo‘lgan 440 mlrd so‘m tushum kelib tushmagan.

Aksiz markasi bo‘lmagan, ogohlantiruvchi yozuvlar va suratlar tushirilmagan, ya’ni O‘zbekiston bozori uchun mo‘ljallanmagan sigaretalarni chekish aholi salomatligi uchun zararli hisoblanadi. Bu esa davlat budjetiga, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltirilayotgan xarajatlarning oshishiga olib keladi.

Qonuniy tamaki mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarda mahsulot haqida qadoqdagi axborot (nikotin va qatron miqdori)ning haqiqiy holatga muvofiq bo‘lishi nazorat qilinadi. Noqonuniy sigaretlar iste’molchisi esa, noma’lum xom ashyo va materiallardan noma’lum ishlab chiqaruvchi ishlab chiqargan mahsulotni sotib oladi. Bunday sigaretalar tutunida inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan moddalar me’yordagidan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi laboratoriya tekshiruvlarida aniqlangan.

Kontrabanda, sigaretaning o‘rtacha narxini pasaytirgani bois, aholi o‘rtasida chekishni ko‘paytiradi va, ayniqsa, yoshlar uchun chekishni qulay qiladi.

Kontrabanda mahsuloti mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotini bozordan siqib chiqarashi natijasida, O‘zbekistondagi qonuniy tamaki ishlab chiqaruvchilarning sotuv hajmi qisqarib, tamaki sanoati va tamaki ishlab chiqarishdagi bandlik darajasi pasayadi, sohada yig‘ilgan boy tajriba yo‘qolib boradi hamda sohaning investitsion jozibadorligiga putur etadi.

Kontrabanda yashirin iqtisodiyotning bir ko‘rinishi bo‘lib, jamiyatda jinoyat va korrupsiyaning o‘sishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun sigaretaning noqonuniy savdosini nazorat qilish muhim ahamiyatga ega.
 
– Fikringizcha, noqonuniy sigaretalar sotuviga qarshi kurashishda qanday choralar samarali bo‘lishi mumkin?

– Noqonuniy sigaretalar va ularning zararlari haqida aholini xabardor qilib borish, kontrabandaga qarshi samarali kurashish, noqonuniy savdo zanjirini uzish bo‘yicha faol ma’muriy va iqtisodiy choralar noqonuniy tamaki mahsulotlariga qarshi kurashishda muhim omillar hisoblanadi,   deb o‘ylaymiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring