Navoiyda bog‘cha tarbiyachisi bolani kaltakladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatida bog‘cha tarbiyachisi tarbiyalanuvchini kaltaklagani haqida videomurojaat tarqaldi. Maktabgacha ta’lim agentligi rasmiy munosabat bildirib, ushbu holat zudlik bilan nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Navoiy viloyati Karmana tumani «Kumushkon» MFYdagi YaTT «Sh.S.» davlat-xususiy sheriklik asosidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tarbiyalanuvchiga qilingan qo‘pol xatti-harakat shu bog‘chaning tarbiyachi yordamchisi S.Yu. tomonidan sodir etilgan.
Hozirgi vaqtda holat yuzasidan tuman ichki ishlar idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligi, S.Yu.ning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi va aybdor deb topilgan shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.
Maktabgacha ta’lim agentligi holat yuzasidan qo‘shimcha axborot taqdim etilishini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter