Navalniyni zaharlagan shaxslar boshqa bir siyosatchi hayotiga ham qasd etgani taxmin qilinmoqda
Bellingcat, The Insider hamda Der Spiegel nashrlari rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni zaharlagani taxmin qilinayotgan shaxslar boshqa bir jinoyatga ham aloqador degan da’voni ilgari surdi.
Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvda Federal xavfsizlik xizmati xodimlari ekani aytilgan shaxslar uni muntazam kuzatib yurgani ma’lum bo‘lgan edi. Uch nashr hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruvlar xulosasiga ko‘ra, xavfsizlik tizimiga aloqador shaxslar yana bir muxolifatchi, telejurnalist va jamoat arbobi Vladimir Kara-Murzani ham kuzatib yurgan.
«Otkritaya Rossiya» jamoatchilik harakati koordinatori, Boris Nemsov nomidagi jamg‘arma raisi Vladimir Kara-Murza 2015 hamda 2017-yillarda zaharlanish alomatlari bilan shifoxonada davolanib chiqqan. Tekshiruv natijalariga qaraganda, Navalniyning ortidan soyadek ergashib yurgan shaxslar Kara-Murza zaharlangan kezlarda ham unga hamrohlik qilganlar. Maxsus xizmat vakili ekani taxmin qilinayotgan shaxslar Kara-Murzaning Rossiya shaharlari, masalan, 2015-yil 22-24-may davomida Qozon shahri bo‘ylab safarlari davomida yashirin ravishda kuzatuv olib borganlar.
Oradan ko‘p o‘tmay muxolifatchi zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. 2015-2016-yillar davomidagi safarlarda FXX Kriminalistika instituti xodimi ekani taxmin qilinayotgan Konstantin Kudryavsev kuzatuv olib borgan. Ushbu shaxs Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha tekshiruvda ham alohida qayd etilgan edi. Avval xabar berganimizdek, 2020-yil 21-dekabr kuni suiqasddan omon qolgan Navalniy Konstantin Kudryavsev bilan bo‘lgan suhbatni chop etdi. Ehtimoliy qotili bilan telefon orqali suhbatda muxolifatchi o‘zini Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibining yordamchisi deb tanishtirgan va suiqasd tafsilotlarini surishtirgan. Xavfsizlik tizimi rahbariyati vakili bilan suhbatlashyapman deb o‘ylagan K.Kudryavsev suiqasdga doir maxfiy tafsilotlarni so‘zlab bergan. FXX «Navalniy hamda FXX xodimi suhbati» soxta ekanini ma’lum qilgan.
Bellingcat tekshiruvlari e’lon qilinishi ortidan Vladimir Kara-Murza uni ikki marta o‘ldirishga uringan shaxslarni javobgarlikka tortish borasida Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasiga murojaat etajagini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik siyosatchi, amaldagi hukumatning keskin tanqidchisi Aleksey Navalniy 2020-yil 20-avgust kuni Tomskdan Moskvaga uchish payti samolyotda hushidan ketgan. Samolyot Omsk aeroportiga favqulodda qo‘ndirilgan. Komaga tushib qolgan siyosatchi Omsk shifoxonasida 2 kun davolangach, 22-avgust tongida maxsus uchoqda Germaniya poytaxti Berlindagi Charite shifoxonasiga olib ketilgan. V.Kara-Murza ham 2015, 2017-yillarda zaharlangani payti ayni Navalniy kabi asoratlarni boshdan kechirganini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter