Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muddao nima o‘zi?

Muddao nima o‘zi?

Keyingi bir hafta ichida islomga taalluqli terminlar ikki bor noto‘g‘ri ishlatildi. Bir marta «namozxon qotil», ikkinchisi esa «shar’iy nikohdagi firibgar». Yana deng rasmiy saytlarning maqolalarida, ustiga ustak, sarlavhalarida! Mazkur terminlarning maqola mazmuniga aloqador bo‘lsa, koshki.

Bunday buzuq va buzuqi iboralar ishlatilishi kishini xavotirga solmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilayotgan kinoya va mazaxlardan uzoqda turib aytamanki, bunday urinishlar menga qasddan qilinayotgandek ham tuyulmoqda. Maqsad jamiyatda islomofobik kayfiyatni yana qayta uyg‘otish. Bunday xavotirim asosi — jamiyatda salbiy munosabat kuchayishiga qaramay, sayt tahririyati ommadan uzr so‘ramagani va keyin boshqa sayt aynan shu yo‘ldan borganligi bo‘ldi. (Balki men uzr so‘ralganini ko‘rmagandirman, lekin hozircha bunday ma’lumotga ega emasman).

Oldinroq «Din va davlat ravnaqi uchun qo‘lni qo‘lga beraylik» tashabbusi bilan chiqqan edim. Maqsad oldimizda turgan muammolarni birgalikda yechish, bugungi chaqiriqlar oldiga yelkadosh bo‘lib chiqish va oqibat jamiyat birligiga erishish edi. Yuqorida aytilganday g‘arazli xatti-harakatlar esa jamiyat birligiga qattiq ziyon yetkazadi. Bu jurnalistning shunchaki «xato»si deyilishi mumkin. Aynan shunday «xatolar» ijobiy ma’noda ishlatiladigan terminlarni buzishga, jamiyatda ideal bilinadigan tushunchalarni xiralashtirishga xizmat qiladi.

Boshqa tomondan bunday muammolar muhokamasi ortiqcha hissiyotlarga sabab bo‘layotganini hisobga olib, bir taklif aytmoqchiman. Biz qonunchilik ustivor huquqiy davlatda yashaymiz. Bunday g‘arazli xatti-harakatlarga munosabat shovqin-suron bilan emas, o‘zining huquqiy bahosini olishi bilan yakuniga yetishini istardim. Binobarin, bu borada bilimdon kishilardan mana shu yo‘nalishda yordam berishlarini so‘rardim.

Ochiqroq aytganda, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish ehtimoli bo‘lgan xatti-harakatlar, ayniqsa, islomofobik qarash urug‘larini ekishning oldini olish uchun javobgarlikka tortish amaliyotini qo‘llash kerak.

Mubashshir Ahmad,
Toshkent Islom instituti mudarrisi, islomshunos

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring