Qozog‘iston dinlararo muloqotni kuchaytirishni taklif etmoqda
Qozog‘iston dinlar va tamaddunlar o‘rtasida muloqot tashabbuslarini qo‘llab-quvvvatlashni tashqi siyosatning muhim yo‘nalishi deb biladi. Bu haqda prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning Ostonada o‘tgan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi kotibiyatining XXI majlisi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ta’kidlangan.
«Geosiyosiy tanglik kuchayib, fundamental tahdidlar avj olayotgan sharoitda axloq, ezgulik, insoniylik kabi qadriyatlarning ahamiyati ortmoqda. Shu bilan birga, yangi xalqaro xavfsizlik tizimini shakllantirish masalasiga kun tartibiga chiqmoqda. Buning uchun tinchlik va barqarorlik tarafdorlarining global miqyosdagi birligi talab etiladi. Bu xayrli ishda diniy yetakchilar muhim rol o‘ynashi mumkin», – deydi Qozog‘iston rahbari.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda 20 yildan buyon o‘tkazilayotgan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi tamaddunlar muloqotining muhim maydoniga aylandi.
«Qurultoy dinlararo tinchlik va murosani mustahkamlash, bag‘rikenglik va o‘zaro ko‘mak g‘oyalarini yoyish hamda dolzarb global muammolarni hal etishga salmoqli hissa qo‘shyapti. Mashvarat doirasida sayyoramiz diniy yetakchilari muntazam uchrashib, kurrai arz ahlini tashvishga solayotgan og‘riqli masalalarni muhokama qilmoqda», – deydi Q.To‘qayev.
Qozog‘iston senati raisi Maulen Ashimbayev raisligida o‘tgan anjumanda 23 mamlakat vakillari, islom, nasroniylik, yahudiylik, sintoizm, buddaviylik, hinduizm va boshqa e’tiqod namoyandalari qatnashdi.
Mashvaratda 2023–2033 yillarda Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyini takomillashtirish konsepsiyasi ma’qullandi.
Tadbir yakunida qabul qilingan kommyunikeda rasmiy Ostona taklif etayotgan tinchlik yo‘lida yangi global harakat tuzish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlangan.
Qozog‘iston 2003 yildan buyon Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyini o‘tkazib keladi. Mashvaratdan ko‘zlangan maqsad dinlararo muloqot an’analarini mustahkamlash, diniy jamoalar o‘rtasida o‘zaro tushunish va hurmatni chuqurlashtirishdan iboratdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter