Mobil mojaro: Sud «UMS»ning «Beeline»ga qarshi da’vosini qisman qondirdi
Internet nashrlarida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida «Ucell» va «UMS»ning «Beeline»ga e’tirozlari keltirilgan ikkita ish ko‘rib chiqilayotgani haqida avvalroq xabarlar chiqqan edi.
Mamlakatning eng yirik operatorlaridan uchtasi — «Beeline», «Ucell» va «UMS» — interkonnekt narxining o‘zgargani uchun jiddiy kurashga kirishishdi, deb yozgandi «Sputnik».
Ushbu nashr muxbirlari operatorlarning ziddiyatlari nimada ekanligini, ularning pozitsiyasi qandayligi va bu holat bozorda global o‘zgarishlarga olib keladimi-yo‘qmi, aniqlashtirishga urinishgan.
Interkonnekt nima o‘zi?
Ishonch bilan aytish mumkinki, Toshkentning oddiy fuqarosi interkonnekt nima ekanligini tushuntirib bera olishi dargumon.
Aslida bu atama mamlakatimizdagi har bir mobil aloqasi foydalanuvchisiga bevosita daxldor. «UMS» abonenti «Beeline» raqamiga ega tanishiga qo‘ng‘iroq qiladi. Bu paytda ikki operator tarmoqlari o‘rtasida aloqa yuzaga keladi: «UMS» qo‘ng‘iroqni «Beeline» qurilmasiga uzatadi va bu suhbatda asosiy yuk «Beeline» zimmasida bo‘ladi. Teskari holatda ham xuddi shu narsa ro‘y beradi: «Beeline» abonenti «UMS» raqamidagi do‘stiga qo‘ng‘iroq qilganida «UMS» qurilmasi qo‘ng‘iroq va yuklamani oladi.
Ikki operator tarmog‘i o‘rtasidagi aloqa «interkonnekt» deb ataladi. Agar u mavjud bo‘lmasa, bir operator foydalanuvchisi boshqa operator raqamiga qo‘ng‘iroq qila olmaydi. Shu sababli bu mobil aloqa va uning narxiga ta’sir qiladigan asoslardan biridir. Bugungi kunda ushbu amaliyot deyarli barcha mamlakatlarda keng tarqalgan. Faqat bitta operator xizmat ko‘rsatadigan davlatlar bundan mustasno.
Muammoning kelib chiqishi
O‘zbekistondagi mobil aloqa kompaniyalari sakkiz yil avval shahar telefonlari yoki boshqa operatorlar abonentlaridan kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni bepul deb e’lon qilishgandi.
Bu hukumatning ma’muriy qarorlari natijasi emasdi. O‘sha paytda bozorda raqobat shunchalik kuchli ediki, ishtirokchilarning biri boshqalar bilan kurashish uchun bu mexanizmdan foydalanishga qaror qiladi. Natijada boshqa operatorlar ham kirish qo‘ng‘iroqlarini bepul qilib qo‘yadi.
Shu o‘rinda bepul xizmat bo‘lmasligini unutmasligimiz kerak, shunchaki ularning narxlari qanday shakllantiriladi, ularni kim to‘laydi — bilmaymiz, xolos. Mazkur holatda esa xarajatlar operatorlar, alaloqibat ularning abonentlari gardaniga yuklanadi.
Turgan gapki, bepul kiruvchi qo‘ng‘iroqlar abonentlarning hisobidan kafolatlanmoqda, bundan sakkiz yil burun faoliyat yuritgan operatorlar bir-birlari uchun interkonnekt narxini o‘rnatishga qaror qilishgan.
Muammo nimada?
«UMS» kompaniyasi Davlat monopoliya qo‘mitasiga «Beeline» ustidan da’vo qildi, unga ko‘ra bu kompaniya o‘z holatini suiiste’mol qilib, interkonnekt narxini 1 sent qilib qo‘ygan.
«UMS» xuddi ikki kichik operator («Uzmobile» va «Perfectum») kabi 5 tiyinlik stavkaga ega bo‘lmoqchi edi. «Ucell» sud mojarosiga aralashishni istamadi va agar «Beeline» hamma uchun stavkani pasaytirsa, bu ishga roziligini bildirdi. «Beeline» esa ko‘nmadi. Va sud jarayonlari boshlandi...
Sud «UMS»ning da’vosini qisman qondirdi
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi «UMS» kompaniyasi da’vosini qisman qondirib, interkonnekt stavkasini joriy 42 so‘mdan 5 tiyingacha pasaytirish haqida qaror chiqargan.
Qonunchilikka muvofiq, yangi stavka sud qarori amal qilishni boshlagan vaqtdan bir oy o‘tib joriy etiladi. «Beeline» kompaniyasi ushbu qaror ustidan yuqori instansiya sudiga shikoyat arizasi berilishini ma’lum qilgan. Demak, bu mojaro hali davom etadigan ko‘rinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter