Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

«Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza» mavzuidagi birinchi konferensiyaning barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.

Tadbirda bevosita ishtirok etayotgan Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel janoblariga, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropada xavfsizlik
va hamkorlik tashkiloti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki rahbarlariga o‘zimning alohida tashakkurimni izhor etishdan mamnunman.

Yaqinda ilk bor bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi davlat rahbarlari sammiti hamda bugungi xalqaro anjuman tomonlarning strategik hamkorlikka bo‘lgan qat’iy intilishini yaqqol namoyon etmoqda. Biz aloqalarimizga katta kuch va shiddat bag‘ishlaydigan bu kabi muloqot va uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish zarur, deb hisoblaymiz. 

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan turli ziddiyatlar, global siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, turli zamonaviy tahdidlar mintaqalar va davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishni taqozo qilmoqda.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan bo‘lsa-da, afsuski, og‘ir sinov davri bo‘lgan pandemiya tufayli avval belgilab olgan ko‘pgina rejalarimiz, yevropalik hamkorlarimiz bilan kun tartibidagi eng muhim vazifalarni to‘liq amalga oshirdik, deb ayta olmaymiz.

Shu sababli Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan mazkur anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida muloqotlarni faollashtirish, hamkorligimizni amaliy dastur va loyihalar bilan boyitish, mintaqalararo ochiq va samarali aloqalar tizimini shakllantirish, ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Biz jadal rivojlanib borayotgan ikki muhim mintaqaning o‘zaro aloqalarini kuchaytirish, “Global darvoza” tashabbusini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida ustuvor yo‘nalishlar – raqamli transformatsiya, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik va «yashil o‘sish» loyihalariga alohida e’tibor berish lozim, deb hisoblaymiz.

Avvalambor, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning raqamli transformatsiya borasidagi ulkan salohiyatidan o‘zaro manfaatli hamkorlik va inklyuziv rivojlanish yo‘lida unumli foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Biz Yevropa Ittifoqining mintaqamizni bog‘laydigan keng optik tolali yo‘laklar barpo etish, boshqaruv va ijtimoiy soha, sanoat, sog‘liqni saqlash, ta’lim, moliya va qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan reja va dasturlarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bundan tashqari, jahon bozorlariga chiqish, global integratsiya va hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etish uchun transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish mintaqamizning barcha mamlakatlari uchun birdek dolzarb vazifa hisoblanadi.

Bu borada Yevropa Ittifoqining qator tashabbuslari mintaqalarimiz o‘rtasida eng maqbul va samarali tranzit va logistika infratuzilmalarini yaratishga xizmat qilishiga aminmiz.

Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish orqali Yevropa qit’asining Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada chuqurlashtirishga, Markaziy Osiyo mamlakatlarini esa tashqi bozorlarga eng qulay transport yo‘laklari vositasida chiqishiga katta hissa qo‘shadi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi «yashil rivojlanish» bo‘yicha bizning asosiy hamkorimiz hisoblanadi.

Mintaqamizda energiyani samarali sarflaydigan va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, «aqlli qishloq xo‘jaligi»ni rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari imkoniyatlarini to‘liq ishga solishda biz albatta, vakillari bu yerda to‘plangan barcha Yevropa davlatlarining eng ilg‘or va zamonaviy tajribasiga tayanamiz.

Hech shubhasiz, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, inklyuziv «yashil o‘sish»ga o‘tish, suvdan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash bundan keyin ham ko‘p tomonlama hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qoladi.

Shu ma’noda, atrof-muhit va suv resurslari bo‘yicha kelgusi yili Rim shahrida bo‘lib o‘tadigan «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» xalqaro konferensiyasi ushbu yo‘nalishda aniq amaliy natijalarga erishishga imkon yaratishiga ishonamiz.

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan birgalikdagi qat’iy sa’y-harkatlarimiz albatta o‘z ijobiy natijasini beradi.

«Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatidagi mazkur platforma muntazam tus olib, uning sessiyalarida hamkorligimizning dolzarb mavzulari bo‘yicha samarali muhokamalar o‘tkaziladi, mintaqaviy aloqalarimizga daxldor umumiy yondashuvlar va ko‘p tomonlama dasturiy hujjatlar ishlab chiqiladi, degan umiddaman.

Ushbu barcha dolzarb masalalar, erishiladigan kelishuv va aniq loyihalar bugun qabul qilinayotgan Samarqand deklaratsiyasida hamda tasdiqlanadigan keng qamrovli “yo‘l xaritasi”da o‘zining batafsil ifodasini topadi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga – konferensiyaning barcha ishtirokchilariga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring