Minazorga aylangan mevazorlar – jafokash Qorabog‘dan reportaj
Bokuning keng va ravon ko‘chalaridan chiqib, g‘arb tomon yursangiz, Qorabog‘ga yaqinlashganingizni eng avvalo yo‘l sifatidan bilasiz, birdan o‘ydim-chuqurlar boshlanadi. Keyin esa mevazor bog‘lar tugab, qup-quruq cho‘lga kirasiz. Bir vaqtlar bu yerlarda Qorabog‘ning dong‘i ketgan bog‘lari, uzumzorlari bo‘lgan. Endi esa quruq beton ustunlar qaqqayib turibdi, osti esa minazor. Qo‘rqinchli manzara.
Qorabog‘ning ostonasi hisoblangan Agdam tumanida deyarli har qadamda minadan ogohlantiruvchi maxsus belgilar bor. Hududni rivojlantirish yo‘lidagi eng katta muammo ham shu bo‘lib turibdi, bu yerda na emin-erkin yurib bo‘ladi, na ishlab. Ammo ozarbayjonlik qardoshlar buning uddasidan chiqishmoqda, Agdam qaytadan bunyod etilmoqda. Hozir bu yerda asosan qurilish texnikasi va yuk mashinalarini ko‘rish mumkin.
– Qorabog‘ hududida ayni vaqtda 1 million atrofida mina borligi tahmin qilinmoqda, – deya bizga dahshatli ma’lumotlarni beradi Araz Imanov. U Ozarbayjon Prezidentining Qorabog‘ iqtisodiy zonasidagi maxsus vakili sifatida faoliyat yuritadi va bunday raqamlar bilan har kuni ishlashiga to‘g‘ri keladi. – Hududni rivojlantirish yo‘lida biz yo‘liqqan eng og‘ir masalalardan biri ham shu. Agarda minalar joylashuvi xaritasi bo‘lganda balki ishimiz biroz yengillashardi, ammo afsuski xozircha buning iloji yo‘q. Biz Armaniston hukumatiga bosim o‘tkazish orqali «xarita» atalmish ba’zi qog‘ozlarni qo‘lga kiritdik, ammo ularni xujjat o‘laroq qabul qilish juda qiyin. Bu xarita emas, shunchaki arman harbiylarining yozishmalari xolos, undan hech qanday naf yo‘q. Oqibatda o‘sha «xarita»ni bir chetga surib qo‘yib, o‘z kuchimiz bilan minalarni tozalashimizga to‘g‘ri kelmoqda.
Imanov tomonidan ma’lum qilinishicha, Qorabog‘ ozod etilgandan so‘ng hududni minalardan tozalash maqsadida yordam so‘rab bir qator davlatlarga murojaat qilingan. Ammo ular yordam faqat pul evaziga amalga oshirilishini bildirib, maxsus narxlar yozilgan ro‘yxatni taqdim etishgan.
– Oqibatda biz ularning xizmati uchun katta mablag‘ to‘lagandan ko‘ra, o‘z yigitlarimizni tayyorlashni ma’qul ko‘rdik. Agar o‘sha vaqtda bizda mina tozalash bo‘yicha 500 nafar mutaxassis bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 2000dan ortiq xodimlarimiz faoliyat olib boryapti, – deydi Araz Imanov.
Prezidentning maxsus vakili minalarni tozalash bo‘yicha og‘ir va mashaqqatli mehnat natijasida qo‘lga kiritilayotgan tajribadan so‘zlab beradi. Uning aytishicha, bu borada hamma choralar qo‘llanmoqda, hatto o‘rgatilgan maxsus it va kalamushlardan ham foydalanilmoqda.
Albatta bu nafaqat og‘ir, balki juda qimmat jarayon hamdir. Araz Imanovning ta’kidlashicha, turli hisob-kitoblarga ko‘ra Qorabog‘ni minadan to‘liq toza hudud deb aytish uchun 20-25 yil vaqt va 20 milliard dollar atrofida mablag‘ lozim bo‘ladi.
Qiyin, juda ham qiyin...
Minazorlarga uzoqdan qarar ekanmiz, xavfsizlik masalasida bizga biriktirilgan xodimlar imkon qadar yo‘ldan chetga chiqmaslikni qayta va qayta eslatadilar. Yo‘lning shundoq yuzida esa arman ayirmachilaridan qolgan okop, dot va boshqa inshootlar turibdi. Ular uzumzorlarning beton ustunlarini yig‘ib kelib, o‘q otish uchun maxsus tuynukli joylar qurishgan, yerto‘la kavlashgan, handaqlar qarshisiga tikanli simlardan o‘tib bo‘lmas to‘siqlar qilishgan. Ha, ayirmachilar bu urushga sal kam 30 yil tayyorlanishdi, ammo oqibatda Agdamni bir dona o‘q uzmasdan topshirishga majbur bo‘lishdi. Ozarbayjon harbiylari boshqa yo‘nalishda hujumga o‘tishdi va katta muvaffaqiyatga erishishdi. 44 kunlik urush yakunida Rossiya vositachiligida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan uch tomonlama shartnomaga ko‘ra, Agdam ham boshqa bir qator hududlar qatori jangsiz Ozarbayjon ixtiyoriga qaytarildi.
Ammo shahar o‘tgan chorak asr davomida yer bilan bitta qilib bo‘lingan edi. Bejizga Agdamni «Kavkazning Xirosimasi», deb atashmas ekan, shahar vayronalarini aylanar ekanmiz bunga qayta-qayta guvoh bo‘ldik. Bir vaqtlar «shahar» atalgan va 160 ming odam yashagan joyda bitta ham butun bino ko‘rmaysiz, hammasi vayron qilingan. Mana bir vaqtlar shaharning markaziy maydonida joylashgan Madaniyat saroyi, uning faqat oldi qismi butun qolgan, maydon esa kimsasiz toshloqdan iborat. Nariroqda esa mehmonxona vayronalari bor. Urush yetkazgan barcha sitamlarni birgina Agdam misolida keragidan ortiq ko‘rish mumkin, ayirmachilar shaharni bosib olgandan so‘ng talash va o‘g‘irlash mumkin bo‘lgan barcha narsani tashib ketishgan. Uylarni esa shunchaki yoqib yuborishgan.
Biroq shukrki, Agdamda kishiga tasalli beradigan jihat ham topiladi – masalan, Agdam anjumanlar markazi va uning yonginasida joylashgan zamonaviy mehmonxona qandaydir 80 kunda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Shaharning bosh rejasi esa 2021 yildayoq tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra ayrim vayronalar kelajak avlodga xotira bo‘lib qolishi uchun konservatsiya qilinadi va qolgan joylar to‘liq qayta quriladi.
Aslida Agdamda uch-to‘rt soat bo‘lib, keyin boshqa hududga chiqib ketishimiz rejalashtirilgan ekan, ammo bu ko‘ngilsizlikka shunchaki qarab o‘tib keta olasizmi? Vayronalar oralab, shahardan chiqib ketgunimizcha ancha vaqt o‘tdi, so‘ngra turli davlatlardan kelgan jurnalistlar yana bir jafokash hudud – Fizuli tomon yo‘lga tushdik.
Fizulida ham Agdamdagi manzaralar ayni takrorlanadi, minalar, okoplar, tankka qarshi handaqlar, tikanli simlar...
Shuningdek bu yerda yana bir dahshatli holatni ko‘rdik, arman ayirmachilari qurgan qator va qator mudofaa inshootlaridan o‘tib borarkansiz, yo‘lning o‘ng tomonida Kochaxmedli qishlog‘i xarobalariga duch kelasiz. Xarobalar qarshisida, shundoq yo‘l yuzida esa XVIII asrda bunyod etilgan masjid turibdi, undan istilo vaqtida molxona sifatida foydalanishgan.
– Qarang, qishloq vayron qilingan bo‘lsa ham mol, qo‘y, tovuq boqish uchun boshqa bino topsa bo‘lardi. Ammo ular aynan shu masjidni tanlashgan va unda chorva mollarini saqlashgan, – deydi biz bilan safarni davom ettirayotgan Araz Imanov. U bizni masjid ichkarisiga boshlab kiradi, ayirmachilar mehrobga nimalarnidir o‘yib chizishgan va unga avtomatdan o‘q uzib, ko‘ngilxushlik qilishgan. Oyoq osti esa turli hayvonlardan qolgan go‘ng bilan to‘la.
Masjid eshigi peshtoqiga muqaddas Qur’ondan oyatlar tushirilgan, bu yerda asrlar davomida odamlar ibodat qilishgan, o‘ziga xos arxitekturasi esa uning tarixiy-badiiy qiymatini ko‘rsatib turibdi. Shunday muqaddas joyni toptash uchun qanaqa odam bo‘lish kerak? Umuman, odam bo‘lish kerakmi o‘zi?
Bu yerdan og‘ir kayfiyatda chiqib ketdik...
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan Qorabog‘ safari davom etadi. Xabar.uz axborot-tahliliy portalida keyingi manzillar haqida ham ma’lumotlar berilishi rejalashtirilgan.
Zafar Qosimov, Qorabog‘
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter