Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«McAfee» antivirusini yaratgan Jon Makafi qamoqda o‘lik holda topildi

«McAfee» antivirusini yaratgan Jon Makafi qamoqda o‘lik holda topildi

Foto: «Reuters»

Ispaniyaning «El País» gazetasi «McAfee» antivirusini yaratgan Jon Makafi ispan qamoqxonasida olamdan o‘tgani haqida xabar tarqatdi, keyinchalik AQSh Adliya vazirligi xabarni tasdiqladi.

Makafiga birinchi yordamni ko‘rsatishga uringan shifokorlar uning hayotini saqlab qolisholmagan. O‘lim tafsilotlarini politsiya o‘rganmoqda, «New York Times» yozishicha, Makafi o‘z joniga qasd qilgan.

«McAfee» asoschisi 2020-yilning oktyabrida Ispaniyada qo‘lga olingandi — uni AQShga ekstraditsiya va daromadlarini soliqdan yashirgani uchun 30 yil qamoq jazosi kutayotgandi. Ispaniya Oliy sudi ekstraditsiya hukmini chiqarganidan bir necha soat o‘tib, Makafining o‘limi xabari tarqaldi.

Makafini 2012-yilda Belizdagi qo‘shnisini o‘ldirishda ham gumon qilishgan, 2016-yilda rejissyor Nanett Burshteyn «Gringo: Jon Makafining xavfli hayoti» deb nomlangan hujjatli filmni suratga olgandi. Filmda Makafi o‘z qo‘shnisini qiynash va o‘ldirish maqsadida 5000 dollarga qotil yollagani hikoya qilinadi. Bundan tashqari, filmda Makafi biznes bo‘yicha hamkori Ellison Adonizo ismli ayolga narkotiklar berib, nomusiga tekkani ham keltirilgan.

«McAfee» antivirusiga egalik qiluvchi «Intel» kompaniyasi 2014 yilda brend faoliyatini, uning asoschisi nomi bilan bog‘liq noxush voqealar sababli, tugatib borishini ma’lum qilgandi. 2017-yilda «Intel» o‘z biznesidan chiqarib yuborgach, «McAfee» mustaqil kompaniyaga aylangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring