Mayning korxonalari yil boshidan buyon 78,8 mlrd. so‘mlik zarar keltirdi
«O‘zenergoinspeksiya» bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon noqonuniy mayning korxonalari 78,8 mlrd. so‘mlik zarar keltirdi.
Kripto-aktivlar ishlab chiqarishda noqonuniy mayning faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar tomonidan energiya resurslarni talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sodir etilgan noqonuniy mayning faoliyati bilan bog‘liq 104 ta holat fosh etilib, 78,8 mlrd. so‘mlik (21,4 mln. kVt-soat) elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Ushbu holatlar bo‘yicha 63 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 30 nafar shaxs qamoqqa olingan.
Misol uchun, Chilonzor tumanida fuqaro Q.O. o‘zining yashash xonadonida mayning qurilmalarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 680,6 mln. so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagan.
Yoki, Farg‘ona shahridagi «B.M.» oilaviy korxonasi rahbari A.A. korxonaga tegishli qandolat sexi hududida mayning faoliyatini amalga oshirish maqsadida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 787,4 mln. so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter