Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mamadali Mahmudov: «Taqdir ekan, 17 yil «o‘tirdim». O‘sha joyda ham 3 ta roman yozdim» (video)

Mamadali Mahmudov: «Taqdir ekan, 17 yil «o‘tirdim». O‘sha joyda ham 3 ta roman yozdim» (video)

Foto: «Uza.uz»

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi «Gurung» suhbatlar turkumi doirasida Mamadali Mahmudov (Evril Turon) bilan suhbatni e’lon qildi.

«Adabiyot umrimning mazmuni, —  deydi suhbatda Mamadali Mahmudov. — Men onamning qo‘lida tarbiya topganman. Otam urushda vafot etgan. Bobom Ahmad oqsoqol Bog‘don qishlog‘i (Jizzax viloyatida) oqsoqoli bo‘lgan. Otam tog‘begisi edi. Ishdan qochib qoyalarda, daraxtlar ustida kitob o‘qirdim. Shu darajada kitobga berilib ketgandim. Kelajakda o‘z millatim hayoti, taqdiri, tarixi haqida kitob yozaman, deb o‘ylardim

«Bugungi kunda o‘zbek adabiyoti haqida bir narsa deyishim qiyin, lekin bizning adabiyotimizda Bayron, Gyote, Shekspirdan qolishmaydigan ijodkorlarimiz bor, — davom ettiradi u. — Masalan, Cho‘lpon, Shekspir ko‘p targ‘ib etilaverganidan, dunyo tillariga tarjima qilinaverganidan, nazarimizda ilohiylashib ketgan. Cho‘lpon, Abdulla Oripov, Fitrat, Odil Yoqubovning asarlarini tarjima qilish kerak. Hozirgi ba’zi yozuvchilarimiz, buyuk yozuvchilarimiz turib, o‘z asarlarini tiqishtirib tarjima qildiradi. Chet eldagilar o‘zbek adabiyoti shunday ekanda, deb o‘ylaydi, tasavvur qiladi. Aslida eng yaxshi yozuvchi va shoirlarning asarlarini tarjima qilish kerak. Mening «O‘lmas qoyalar» romanim 1981-yilda Germaniya Federativ Respublikasida chiqqan, so‘ng Turkiyada chop etilgan. 2008-yilda fransuz tilida Parijda, 2013-yilda Londonda chop etildi Yana bir qancha asarlarim o‘zimga yetib kelgani yo‘q. Evril Turon sifatida kitoblarim, esselarim butun dunyoda chop etilayapti. Amerika, Angliya, Kanada, Norvegiya, xullas butun dunyoda».

Jurnalistning «Ijodkorga yo‘llar ochildi. Erkinliklar berildi», — degan savoliga yozuvchi shunday javob qaytardi:

— Men ham, do‘stlarim ham ko‘p taklif qilganmiz, lekin hamma eshiklar berk edi. Mana oradan 27 yil o‘tib, bitta xabarim O‘zbekiston Milliy axborot agentligida chiqdi. Shu muddat ichida ikkinchi marta meni taklif qilayapsizlar. Hamma kitoblarim Vatan, millat uchun yozilgan. Boshqa narsa meni qiziqtirmaydi. Shunga qaramay men 17 yil «o‘tirib» chiqdim. To‘g‘ri, haqiqatning tiklanishi juda qiyin kechar ekan. Hayot o‘zi shunday qurilganki, yolg‘on bilan chin orasida doim kurash ketadi. Mana 27 yil kechroq, Tangrini, yana ayrim do‘stlarimizning qo‘llovi bilan sizlarga intervyu berayapman.

... Taqdir ekan, 17 yil «o‘tirdim». Bu bir tomondan menga sinov bo‘ldi. Irodamni sinab ko‘rdim. O‘sha joyda ham 3 ta roman yozdim. Ishqilib ilojini qildim. «Bo‘z bo‘ri» degan roman yozdim. Arablar bosqini haqida. «Oygul», «Oy nuri» degan romanlar yozdim. Bu hammasi yangicha talqinda edi. Butun mustaqillik haqida yozayapman. Shuning uchun agar yo‘llar ochilsa, bosmadan chiqsa ko‘pchilik o‘qiydi. Chunki hozir chet ellarda nashr etilganini o‘qishayapti, xatlar yozishadi, qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Ularga asarlarimni elektron pochtada yuboraman.

Suhbatning to‘liq varianti quyidagi videoda:

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring