Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Kristofer Fort: «Cho‘lponni hozir ham tushunishmaydi»

Kristofer Fort: «Cho‘lponni hozir ham tushunishmaydi»

Kristofer Fort (suratda chapda) oilasi bilan Samarqandda

Foto: Kristofer Fort

XX asr o‘zbek adabiyoti nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo tarixida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Eng avvalo, jadidchilikning paydo bo‘lishi yangi burilish yasagan va adabiyotimizga bir qator yangi yo‘nalishlar kirib kelgan. Jumladan, romannavislik, pesachilikni shular qatoriga qo‘shish mumkin. Shuningdek, o‘zbek she’riyatida ham yaxshigina inqilob yuz bergan deyish mumkin. Cho‘lpon yangicha she’riyatga asos solgan.

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon haqida deyarli hamma biladi. U haqda ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘zbek yo‘q hisobi, shuningdek, amerikalik ham. Amerikalik adabiyot muxlisi, mustaqil tadqiqotchi Kristofer Fort hozirgi zamonaviy o‘zbek adabiyoti emas, aynan o‘tgan asr adabiyotiga murojaat qilishni tanladi va Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanini ingliz tiliga tarjima qildi. Ushbu asar yaqin kunlarda Amerikada kitob holida chop etiladi.

Biz nega aynan so‘zlashuv tili biroz qiyin bo‘lgan o‘tgan asr adabiyotini tanlagani bilan qiziqib, Fort bilan suhbatga oshiqdik. Internet rivojlangan zamonda bu muammo tug‘dirmadi. Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, Kristofer o‘zbek tilini ayrim o‘zbeklardan-da yaxshi bilishi bilan hurmatga sazovor.

— O‘zbek tilini o‘rganishga nima yoki kim turtki bo‘lgan? Qiyinchiliklar haqida.

— O‘zbek tilini o‘rganishga qarorim taqdirning buyurgani ekan. Bakalavr olgan universitetimda to‘rtinchi yil o‘qishim paytida ruschadan boshqa til o‘rganish niyatim paydo bo‘ldi. Rus tiliga o‘xshagani uchun serb tilini xohladim, lekin bizlarda u o‘rgatilmadi. Shuning uchun ilmiy rahbarim o‘zbek tilini o‘rganishni maslahatlashdi. O‘zbekiston sovet ittifoqining bir qismi bo‘lganidan boshqa narsa bilmaganim uchun o‘zbek tili ruschaga o‘xshasa kerak, deb o‘ylagandim. Xato qilib qo‘yganimga qaramay, o‘zbekchani sevib qoldim. O‘zbek tili va madaniyatining fayzi shunda bo‘lganki, bir vaqtda ham tanish, ham notanish. Tanish jihatlari menga bu tilni o‘rgana olaman deb ilhomlantiradi va notanish jihatlari qiziqishimni har doim ko‘paytiradi.

O‘zbek tilining eng qiyin jihati ingliz yo ruszabonlar uchun so‘zlar tartibi. Ingliz yo rus tillarida bo‘ysunuvchi frazalar ko‘rsatilgan so‘zdan keyin qo‘yiladi, ammo o‘zbekchada ular avval qo‘yiladi. Demak, o‘zbekchada gapirish uchun boshqa tartibda o‘ylash kerak.

— Nega aynan Cho‘lpon asarini tanlagansiz? Tilini tarjima qilishda qiynalmaganmisiz? Kim yordam bergan?

— Men 2015-yili yoz paytidan beri «Kecha va kunduz» tarjimasi ustida ishlayapman. Cho‘lponning romanini tanladim, chunki u nasrda nazm, kinoya, tashbihlarni yangi va qiziqarli birikmalarda amalga oshiradi. Bu tilga e’tibori, menimcha, uning romanini Abdulla Qodiriynikidan yuqori joyga qo‘yadi.

Tilni tarjima qilishda uncha qiynalmagandim, balki adabiy va madaniy kontekstni bilmagan inglizzabonga tushuntirish bilan qiynaldim. Menimcha, hattoki hozirgi vaqtda Cho‘lponni o‘qigan o‘zbeklar «Kecha va kunduz»ni o‘qib, adabiy o‘yinlarini tushuna olmaydilar, chunki ular Cho‘lponning zamoniga xos. Roman jadidlar ilgari yozgan janrlarga javob deb o‘zini taqdim etadi. Masalan, Miryoqub va Maryam poyezdda o‘zlarini kashf etish safari inqilobdan oldingi yillarda jadidlar yozgan safarnomalar ustidan parodiyadir. Parodiya Cho‘lpon qo‘shgan dialogizmda. Sharafiddin Xo‘jayev degan jadid Behbudiy yo boshqa jadidlardek o‘rta osiyoliklarning jaholatini qoralaydi, ammo bu fikrlar bilan Miryoqub va Maryamning izohlarini o‘qiymiz va Xo‘jayevning gaplariga qayta qaray boshlaymiz. Shuning uchun, tarjimamda ham, iqtiboslarda ham shu adabiy kontekstni kitobxonlarga tushuntiraman.

— Kelajakda yana qaysi o‘zbek adabiyoti namunasidan tarjima qilish niyatingiz bor?

— Kelajakda Abdulla Qahhorning «O‘tmishdan ertaklar»i va Isajon Sultonning «Boqiy darbadar»ini tarjima qilish niyatim bor, ammo Cho‘lpon ustida ko‘p ishlarim qoldi. Muharrirdan oxirgi to‘g‘rilashlarni kutyapman va romandan bitta qismini tarjima jurnalida e’lon qilmoqchimiz.

— O‘zbekistonga ko‘p bor kelgansiz? O‘zbeklarning qaysi odatlarini qadrlaysiz?

— Bir necha bor kelganman. Xudo xohlasa, yana avgust oyida kelarman. O‘zbekistonda men hamma bir-birini tanishini qadrlayman. O‘zbekistonning adabiy jamiyati kichkina emas, ammo odamlar bir-biriga qattiq bog‘langan va kim bilandir tanishish yo gaplashishni xohlasam, o‘zim tanigan do‘stlarim orqali bu kishini topish qiyin emas. Amerika yo umuman qolgan dunyoda jamiyatda, faqat adabiy bo‘lsayam, hech qachon shuncha qattiq aloqalar yo‘q. Masalan, universitetimiz professorlaridan biri Viktor Pelevin to‘g‘risida monografiya yozmoqda, lekin u Pelevin bilan bog‘lanishga qodir emas. O‘zbekistonda shunaqa muammo umuman yo‘q.

«Bobur va dunyo» jurnalining 2018-yil 3-sonidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring