Maktablarning ta’miri kimning gardanida?
O‘qituvchilarimizda muammolar judayam ko‘p. Bu haqda o‘zbek matbuotida ko‘p yozildi. Oxiri bechora o‘qituvchilarning nolalari prezidentga yetdi. Kecha Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan bosh vazir Abdulla Aripov budjet tashkilotlarining, xususan o‘qituvchilarning va sog‘liqni saqlash xodimlarining majburiy mehnatga olib chiqilishini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdi. Unda qator viloyat rahbarlariga o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari majburiy ravishda obodonlashtirish ishlariga jalb qilingani uchun hayfsanlar, tanbehlar berildi va hokimlar qattiq ogohlantirildi.
O‘qituvchilarning o‘zlariga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb qilinishi anchadan beri jamiyatimiz uchun og‘riqli masalalardan biri bo‘lib kelayotgan edi. Endi bu ish barham topadi. Harholda shunday deb umid qilamiz, ishonchimiz katta! Ammo o‘qituvchilarning muammosi bu bilan tugamaydiganga o‘xshayapti. Prezidentning 2017-yil dekabr oyida chiqargan qaroriga ko‘ra ta’lim muassasalari metallom yig‘ish ishlaridan ozod qilindi. Ammo ba’zi joylarda bu ish «ixtiyoriylik» asosida davom ettirilayotganini eshitdik. Nima bo‘lganda ham bu qarordan keyin ko‘p joylarda ta’lim muassasalari metallom yig‘ib berishdan qutuldi. Endi esa mutasaddilar tomonidan turli ishlarga jalb qilinishdan ham qutulishadi. Ammo yana bir masala bor: o‘qituvchilarni sinfxonalarni ta’mirlashdan ham ozod qilishimiz kerak.
Qonun hujjatlariga, turli hisobotlarga qarasangiz mamlakatimizdagi barcha maktablar davlat tomonidan ta’mirlanayapti. Amalda esa aksariyat maktablar o‘quvchilar orqali ota-onalardan pul yig‘ilib o‘qituvchilar tomonidan ta’mirlanmoqda va hech bir hisobotda «falon maktab ota-onalardan yig‘ilgan pul hisobiga ta’mirlandi» degan yozuvni ko‘rmaysiz.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasida «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir» deyilgan.
O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 24-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasi va Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi negizida Moliya vazirligi huzurida budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.
Mazkur jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri umumta’lim maktablari, kollej va litseylarni, shu jumladan idoraviy bo‘ysunuvdagilarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, jumladan, zarur hollarda o‘quv korpuslarini ustaxona va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini, boshqa infratuzilma ob’yektlarini barpo etishni moliyalashtirish hisoblanadi.
Uch-to‘rt kun avval o‘g‘lim «ota, o‘qituvchimiz aytdi, remontga pul berar ekansiz» deb qoldi. Shu payt mening yana «zakunchiligim» tutdi-yu «borib o‘qituvchingga otamning o‘zi olib kelib berar ekan deb ayt» deb uni maktabga jo‘natib yubordim. O‘g‘limni jo‘natdimu, o‘tirib «bekor qildim, o‘g‘limga pul bersam bo‘lardi» deb o‘yladim va mendan pul ololmay bir xo‘rsinib qo‘ygan o‘g‘limga, o‘g‘limdan pul ololmaydigan o‘qituvchisiga rahmim keldi. Maktablarda bolalardan «remontga» deb so‘ralayotgan pul uncha katta mablag‘ emas. Arzimagan pul. Ko‘chada bir marta ovqatlanishga ham yetmaydigan mablag‘. Ammo maktablar davlat ta’minotida-ku. Demak, bizning maktabga ham yozda yangi o‘quv yiliga sinfxonalarni ta’mirlab qo‘yish uchun pul ajratiladi. Ammo o‘sha ajratilayotgan pullar qayerga ketayapti? O‘sha pullarni kimlar tuya qilayapti?
Shularni bila turib ham, garchi arzimas bo‘lsa-da, nega o‘sha pulni berishim kerak? Qolaversa, bolalardan so‘ralayotgan pulni arzimas deyapmanu, ammo aksariyat oilalarning uch-to‘rttadan bolasi maktabda o‘qishini inobatga olsak, bir oiladan ketadigan mablag‘ ancha salmoqli summa bo‘lib qoladi. Buning ustiga o‘sha «arzimagan pul»ni topgan bor, topmagan bor.
Bugun ukamnikiga bordim. Qarasam, beshinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li «maktabga bormayman» deb yig‘lab o‘tiribdi. Otasi esa uni ko‘ndira olmay halak. Sababi bilan qiziqsam, ukam o‘g‘liga maktab remontiga deb o‘n ming so‘m berayapti, ammo o‘g‘li ko‘nmayapti. Uning aytishicha, sinfidagi bolalarning ba’zilari remontga deb qirq ming, ellik mingdan pul berishgan. Hatto ayrim qizlar ham yigirma ming, o‘ttiz mingdan bergan. Ukamning o‘g‘li ham «kamida o‘ttiz ming berasizlar, bo‘lmasa bolalar ustimdan kulishadi, aks holda maktabga bormayman» deb yig‘lab o‘tirgan ekan. Ukam uni «o‘qituvchingga otam o‘zi yana olib kelib berar ekan deb ayt» deb maktabga jo‘natdi.
Men o‘ziga to‘q, topish-tutishi yaxshi ota-onalarning bolalari o‘qiydigan maktablarga moliyaviy yordam qilishlariga qarshi emasman. Aksincha, buni qo‘llab-quvvatlayman. Ammo bu ish hammaga majburiy bo‘lmasligi kerak. Yordam berishga imkoniyati bormi, marhamat, yordam beraversin. Lekin imkoniyati yo‘qlarni tinch qo‘yishsin. Yana bolalarni «nega pul olib kelmading?» yoki «nega kam pul olib kelding?» deya sinfdoshlari oldida uyaltirishmasin.
Shuningdek, mabodo o‘ziga to‘q ota-onalar bolasi o‘qiydigan maktabga qandaydir yordam berar ekan, mamlakat bo‘yicha bunaqa yordamning hisob-kitobi yuritilib, aholi xabardor qilinsin. Bu masalaning bir jihati.
Ikkinchi muhim jihati shuki, o‘qituvchi qachongacha o‘z o‘quvchilari orqali tilanchidek pul yig‘adi? Esimni taniganimdan beri bilaman, o‘qituvchilar o‘ziga biriktirilgan sinfxonalarni chiroyli qilib oqlab, yangi o‘quv yiliga tayyorlab qo‘yishi kerak. Yig‘-yig‘larning asosiy sabablaridan biri shu. Qachon o‘qituvchilarimiz faqat o‘z ishlari bilan shug‘ullanadi? Qachon maktablarni yangi o‘quv yiliga tegishli tashkilotlar tayyorlaydi? Bu muammo ham prezident aralashsagina o‘z yechimini topadimi?
Masalaning uchinchi jihati shuki, ta’lim muassasalari davlat tomonidan, shuningdek Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘arma hisobidan kapital va joriy ta’mirlanishi kerak ekan, o‘sha pullar qayerga ketayapti? Kechagi yig‘ilishda bosh vazir viloyat hokimlaridan obodonlashtirish ishlariga ajratilgan mablag‘lar qayerda va qanday ishlatilganini so‘radi. Shunday ekan, endi maktablarni ta’mirlash uchun davlat va jamg‘arma ajratayotgan pullar qanday ishlatilayotganini so‘rab-surishtiradigan vaqt kelmadimi?
«O‘zi nima xohlaysan?» deb so‘rang. Men avvalambor o‘qituvchilarning dars berishdan boshqa har qanday ishdan ozod qilinishini xohlayman. Yana o‘qituvchilarning ertalab maktabga kelishini, belgilangan darslarini o‘tib uylariga qaytishini, bo‘sh vaqtlarida o‘z muammolari bilan shug‘ullanishini, oilalariga yetarlicha vaqt ajratishini, yozda beriladigan ta’tilini o‘zlari xohlaganday o‘tkazishini, «ixtiyoriy ravishda o‘zi chiqayapti» deb turli ishlarga majburlanmasligini xohlayman. Ana shundagina biz ta’lim sifatini biroz bo‘lsa ham ko‘tara olamiz.
Albatta, bu fikrimga qo‘shilmaydiganlar ham bo‘ladi. Ularning mulohazalari bilan ham tanishsak yomon bo‘lmasdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter