Lotereyadan 50 mln. so‘m yutgan fuqaro nega pulini ololmayotganiga izoh berildi
Ijtimoy tarmoqlar va bir qator saytlarda jizzaxlik fuqaro Z.Abduhalilova 2019-yil iyul oyida Xalq bankining «Imkon» lahzali, pul yutuqli lotereyasidan 50 mln. so‘m yutib olgani, lekin haligacha yutuqni ololmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xalq banki tomonidan ushbu holat o‘rganib chiqildi. Bank axborot xizmati o‘rganish natijalarini «Xabar»ga ma’lum qildi:
2019-yil iyul oyida fuqaro Z.Abduhalilova xarid qilgan «Imkon» lahzali, pul yutuqli lotereyasi (2-razryad) bileti yutuqli ekanligi aniqlandi. Biroq, o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida «Imkon» lotereyasini o‘tkazish Shartlarida qat’iy belgilangan qoidani buzgan holda «Ochilmasin» degan himoya qatlamini ham o‘chirib yuborgan.
Lotereyalar faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar talablari bilan belgilangan qoidalarga asosan, o‘yin tashkilotchisi tomonidan yutuqlarni to‘lash jarayonida yutuqli biletlarni ekspertizadan o‘tkazish va biletning haqiqiyligini aniqlash, shuningdek, biletni qalbakilashtirishning oldini olish maqsadida, lotereya biletlari kamida 6 ta himoya darajasiga ega bo‘lishi lozim.
«Imkon» lotereyasida «Ochilmasin» yozuvi qayd etilgan himoya qatlamining o‘yin biletida joylashtirilishidan maqsad ham shulardan biridir. Lotereyani o‘tkazish Shartlarida, lotereya biletining maxsus himoya qatlami yoki bilet shikastlangan holatlarda o‘yin shartlari buzilgan, deb baholanishi va yutuq to‘lanmasligi belgilangan. Bu qoidalar esa, jahon amaliyotida ko‘pgina o‘yin tashkilotchilari tomonidan ham keng qo‘llaniladi.
Lotereya biletining old tomonidagi maxsus himoya qatlami ustida «Ochilmasin» so‘zi yozilib, biletning orqa tomonida ham o‘yinni o‘tkazish Shartlaridan qisqa sharh keltirilgan va aynan, «Ochilmasin» himoya qatlamiga shikast yetgan yutuqli lotereya biletlari to‘lovga yaroqsiz hisoblanishi va yutuqlar to‘lanmasligi qayd etilgan.
Amaldagi tartib bo‘yicha ushbu holatda Xalq banki tomonidan lotereya bileti to‘lovga yaroqsiz deb topilgan.
Lotereyani o‘tkazish qoidalari yuzasidan bank xodimlari tomonidan fuqaroga tushuntirish berilgan, Z.Abduhalilova o‘z qo‘li bilan ehtiyotsizlik qilgani haqida tushuntirish xati ham yozib bergan.
Biroq, bugungi kunda lotereya ishtirokchilarining manfaatlarini himoya qilish, yuqorida keltirilgani kabi tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida Xalq banki tomonidan «Imkon» lahzali, pul yutuqli lotereyasini o‘tkazish Shartlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Lotereyaga oid hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilganidan so‘ng, fuqaro Z.Abduhalilovaning murojaati qayta ko‘rib chiqilishi va u o‘z yutug‘ini olishi mumkin bo‘ladi.
Zero, Xalq banki o‘zining har bir mijozini qadrlaydi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish tarafdori.
Shu o‘rinda, lotereya ishtirokchilaridan o‘yin shartlariga to‘liq amal qilishlarini ham yana bir bor so‘rab qolamiz. Shunda yuqoridagi e’tirozli holatlarga o‘rin qolmaydi, deyiladi bank axborot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter