Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq banki: Tadbirkor qo‘llab-quvvatlansa, milliy iqtisodiyot rivojlanadi

Xalq banki: Tadbirkor qo‘llab-quvvatlansa, milliy iqtisodiyot rivojlanadi

Xalq banki moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik ob’yektlari bilan ommaviy axborot vositalari, jurnalist va jamoatchilik faollarini yaqindan tanishtirish maqsadida 21-22-oktyabr kunlari Buxoro viloyatiga press-tur tashkil etildi. 

Press-turning dastlabki qismida mahalliy OAV, jamoatchilik faollari va hududiy matbuot kotiblari uchun «Davlat tashkilotlarida kommunikatsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari» bo‘yicha o‘tkazilgan  seminar-treningda nafaqat banklar, balki boshqa davlat tashkilotlarining OAVga ochiqligi naqadar muhim ekanligiga alohida urg‘u berildi.

Yana bizga Xalq banki «Community manager» faoliyati natijasida mijozlarning bank faoliyatiga nisbatan xayrixohlik indeksi 5 barobarga ortib, 0,8 dan 4,2 punktga yetgani ma’lum bo‘ldi.

Seminardan so‘ng Buxorodagi zardo‘zlik korxonasi ish faoliyati bilan tanishish maqsadida yo‘lga tushdik.

O‘zbek zardo‘zlik va kashtachiligini dunyoga tanitayotgan korxona

Ha, gap «Sulton Malika Zardo‘z» korxonasi haqida. Chunki u respublikada yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Milliy hunarmandchilikning nafis san’ati bo‘lgan zardo‘zlik va kashtachilik orqali o‘zbek xalqining boy madaniy merosini dunyoga  namoyish etayotgan ushbu korxona xorijiy bozorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Bunga sabab esa tadbirkorga berilayotgan imkoniyat.

– Faoliyatimizni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish maqsadida Xalq bankidan 1 milliard 200 million so‘mlik kredit olganmiz. Bizga yana bir katta yordam bu kreditlarning kam foizligi, masalan valyutada 5 foiz, so‘mda 10 foiz... Ushbu moliyaviy yordam evaziga uskunalar xarid qilib, ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirdik, –  deydi MChJ rahbari Mahfuza Salimova.

– Yetti yoshimdan zardo‘zlik bilan shug‘ullanib kelmoqdaman va zardo‘zlar avlodining beshinchi vakiliman. Shu paytgacha bizning muqim joyimiz bo‘lmagan. Bundan ikki yil oldin Buxoroda o‘tkazilgan «Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik» va «Milliy kashtado‘zlik san’ati» festivallari doirasida bizga qaratilgan e’tibor tufayli mana shunday sharoitlari bor maskanni bunyod qildik. Bugungi kunda korxonada 100 dan ortiq ishchi faoliyat yuritmoqda. Xorijiy mijozlar orasida milliy zardo‘zlik va kashtachilik mahsulotlariga katta talab bor.  

   

Biz sariq, oq tillo ip bilan tikilgan 8-10 kilolik choponlarning, ayollar chimmatlarining naqshlaridan ko‘z uzolmaymiz. Turli qadimiy choklar sizni o‘zga bir olamga chorlayotgandek bo‘ladi. Ularning rangi va naqshlarining o‘zaro uyg‘unligi o‘zbek milliy qadriyatlarini namoyon qilayotgandek.

O‘sha yerda ishlayotgan kashtachi ayollarning izoh berishicha, bitta choponni 5-6 ayol bir, bir yarim oy davomida tikishar ekan.

Bu yerda tayyorlangan chopon deysizmi, ayollar chimmati, kelinlik ko‘ylaklari yostiq jildlari, kashtalar nafaqat ichki bozor, balki, Markaziy Osiyo davlatlari, BAA, AQSh kabi xalqaro bozorlarga eksport qilinadi.   

  Xalq banki charm sanoatini ham qo‘llab-quvvatlaydi

G‘ijduvonda joylashgan «Bek Bags» MChJ charm sanoati nafaqat ayollarning sumkaga bo‘lgan talabini balki bog‘cha bolasidan tortib sportchilarga, sayohat qilishni xush ko‘radiganlardan tortib maktab o‘quvchilarigacha qayg‘uradi.

«Bek Bags»  asoschisi Sodiqjon Bekov ta’kidlaganidek, bugun aholining turmush darajasi oshdi, odamlar avvalgidek arzon va sifatsiz sumkalarni xohlamaydi. Demak, xalqimizga sifatli mahsulot kerak.

Bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirish va ularning mahsulotlarini kengroq bozorga olib chiqish uchun ajratilayotgan kreditlar korxonalar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati va samaradorligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida Xalq banki tomonidan 100 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ korxonaga yangi texnologik uskunalar sotib olish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va mahsulot hajmini oshirish imkonini berdi. Natijada korxona yillik ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirib, hozirda yiliga 250 ming dona charm mahsulotlarini bozorlarga yetkazib bermoqda.

Hozirda korxona 80 nafardan  xodimni ish bilan band qilgan bo‘lib, ularning yarimi nogironligi bor insonlar.  

Kelajak rejalari doirasida korxona nafaqat ichki bozorda o‘z mavqeini mustahkamlash, balki xalqaro bozorlarga chiqishni ham maqsad qilgan. Eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi dizaynlar yaratish, ishlab chiqarish texnologiyalarini yanada optimallashtirish va xalqaro talab va standartlarga javob beradigan mahsulotlar tayyorlash ustida ishlamoqda.

– Avvallari aholi mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni ochig‘i mensimas edi. O‘zimizdayam mahsulotimizning yarimi bozordan qaytib kelardi. Birining bog‘ichi uzilgan, birining ko‘rinishi xunuk, choklari so‘kilgan holatda. Keyinchalik men nima uchun Xitoy mahsulotlariga talab yuqoriligining sababini bilish uchun Xitoyga bordim va hamkorlar orttirdim, – deydi korxona rahbari Sodiqjon. – Mana shu xitoylik yigit kelgach ishimiz ancha yurishib ketdi. Biz bu hamkorimizdan nafaqat texnologiyalarni ishlatishni o‘rgandik, balki sifatli, pishiq-puxta va dizayni chiroyli bo‘lgan mahsulot ishlab chiqara boshladik. Dastlab Xitoydan olib kelgan mahsulotlarimiz bilan o‘zimizda ishlab chiqarilgan sumkalarni bozorda sotuvchilarga tavsiya qildik. Ishonasizmi, har doim mahsulot oladiganlar Xitoynikini emas o‘zimizda mana shu korxonada ishlab chiqarayotgan sumkalarga talabi borligini aytishdi.

Biz shu yerda ishchilarning har birining oldiga borib erinmay ishini tekshirib yurgan xitoylik hamkorga qiziqdik, ammo uning ismi qiyinligini, qog‘ozga qarab aytib bera olishlarini, unga esa shunchaki master Shepu deb murojaat qilishlarkan.

Xullas korxona faoliyati misolida Xalq bankining charm sanoatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotganligini ko‘rish mumkin. Moliyaviy yordam bilan ta’minlangan korxonalar nafaqat o‘zlarini iqtisodiy jihatdan mustahkamlab qolmay, balki milliy iqtisodiyot rivojiga ham hissa qo‘shmoqda.

Keyingi manzilimiz Kogon...

«Parravshan trans» MChJ korxonasiga yo‘l oldik. Bu korxona 2010-yilda ishga tushirilgan, bugungi kunda chorvachilik va parrandachilik sohasida o‘zining mustahkam o‘rniga ega. Afsuski ushbu korxonaning ish faoliyati ya’ni jarayon bilan tanishishning imkoni bo‘lmadi. Korxona xodimlarining aytishicha, ayni damda bu yerda karantin ekan. Ya’ni jo‘jalar kichikligida ko‘chadan begona odamlarning kirishi ularga turli kasalliklarga chalinish ehtimolini kuchaytirarkan.

Noiloj, ba’zida ana shunday istisnoli holatlar ham uchrab turadi.

Bizga berilgan ma’lumotlarga qaraganda korxona parranda va chorva mollari sonini ko‘paytirish maqsadida Xalq bankidan 12 mlrd. 300 mln. so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak olgan.  

Korxonaning asosiy faoliyati parranda va chorva mollarini parvarishlashga qaratilgan bo‘lib, tuxum va sut mahsulotlarini ichki bozorga yetkazib beradi.  

                                               Barno Sultonova 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring