Livanda peyjerlar portlashi oqibatida o‘nga yaqin kishi halok bo‘ldi. Buni Isroil qilgani aytilmoqda
Livan Sog‘liqni saqlash vaziri Firas Abyadning aytishicha, bugun butun mamlakat bo‘ylab sodir bo‘lgan peyjer portlashlari natijasida 9 kishi halok bo‘lgan va 2750 kishi yaralangan.
«Aloqa uskunasining portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 9 kishiga yetdi, 2750 kishi jarohat oldi. Hozirgacha biz aloqa moslamalarining portlashi natijasida 170 dan 180 gacha jiddiy jarohatlanish holatlarini qayd etdik», — dedi Firas Abyad (Al Jazira iqtibosi). Vazirning aniqlik kiritishicha, yaradorlarning aksariyati qo‘llari yoki yuzlari shikastlangan holda yotqizilgan.
Birinchi portlashlar mahalliy vaqt bilan 15:45 da sodir bo‘lgan. Avvaliga o‘nlab kishilar jarohatlangani xabar qilingandi, biroq bir soat ichida yaradorlar soni ming kishidan oshdi. Hizbulloh harakatining bildirishicha, harakatning ikki a’zosi, jumladan, Livan parlamenti deputati Ali Ammarning o‘g‘li halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida Eronning Livandagi elchisi Mojtaba Amani ham bor.
Hizbulloh voqeada Isroilni aybladi. Al-Jazira nashrining yozishicha, bir necha oy oldin harakat rahbari Hasan Nasrulloh jangarilarni Isroil aloqalarni to‘sib qo‘yish uchun qurilmalarga buzib kirishi mumkinligidan qo‘rqib, ularni smartfonlardan foydalanishni to‘xtatishga chaqirgan.
Shundan so‘ng Hizbulloh a’zolari ommaviy ravishda peyjerlarga o‘tishni boshladilar. Isroil rasmiylari esa Livandagi qator portlashlarga izoh bermadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter