Ko‘rishi «minus 19» bo‘lgan tojikistonlikka chaqiruv qog‘ozi berishdi
Peterburgdagi migratsiya markazida g‘alati voqea sodir bo‘ldi. «Mash na Moyke» telegram-kanali xabariga ko‘ra, asli tojikistonlik bo‘lgan yigit Sankt-Peterburg migratsiya masalalari boshqarmasi xodimi qo‘lidan harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozini olgan.
36 yoshli Jamol Isoqov migratsiya masalalari boshqarmasiga otasini migratsiya hisobiga kiritish uchun kelgandi. O‘zi esa allaqachon Rossiya fuqaroligini olgan. Hisobga kiritish evaziga esa unga markaz xodimasi chaqiruv qog‘ozini topshirgan va bunga to‘la haqli ekanini aytgan.
Isoqov uning ko‘zlari bolaligidan yuqori darajada xiraligini, uzoqni deyarli ko‘rmasligini aytib, chaqiruv qog‘oziga imzo qo‘ymagan. Ammo xodima undan pasportini olib qo‘ygan va qidiruv e’lon qilinishi bilan tahdid qilib akt tuzgan.
«Mening o‘ng ko‘zim xiraligi minus 19 yarim, ikkinchi ko‘zim esa minus 14 yarim. Bunday qilinmaydi, dedim. Agar chaqiruv qog‘ozi uyga kelsa boraman, lekin ko‘chada hech narsaga qo‘l qo‘ymayman dedim», — ta’kidladi Isoqov.
Xabarga Sankt-Peterburg vitse-gubernatori Boris Piotrovskiy e’tibor qaratdi va chaqiruv qog‘ozi berishda xato tasdiqlansa, u uyiga qaytishini bildirdi.
«Ob’yasnyayem.rf» rasmiy portalida yozilishicha, harbiy komissiriat xodimi o‘z hujjatini taqdim qilgan holatda, shuningdek, harbiy tizim tarkibidagi va komissar vakolat bergan fuqarolar chaqiruv qog‘ozini topshirish huquqiga ega. Rossiya fuqarolarining pasportini faqat politsiya xodimlari tekshirishlari mumkin. Bunda ham pasportni olib qo‘yishga haqqi yo‘q va hujjat faqat egasining qo‘lida tekshirilishi kerak.
Rossiyada safarbarlik e’lon qiliganidan buyon yanglish chaqiruvlar haqidagi xabarlar tobora ko‘p kuzatilyapti. Jumladan, Birskda ko‘zi ojiz fuqaroga, Saxalinda 40 yoshli diabetga chalingan va umurtqa pog‘onasida plastina o‘rnatilgan shaxsga chaqiruv qog‘ozi berilgan.
Natijada Moskvada 337 ta chaqiruv qog‘ozi bekor qilindi, Yoqutistonda 300 nafar erkak uyiga qaytarildi, Belgorod gubernatori 100 dan ortiq fuqaro yanglish chaqirilganini ma’lum qildi. Bunday holatlar boshqa hududlarda ham uchramoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter